Kuvaytda O'zbekiston ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-ma'rifiy hayotiga oid tadbir tashkil etildi

Kuvaytda O'zbekiston ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-ma'rifiy hayotiga oid tadbir tashkil etildi
AL-KUVAYT, 12-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasida O'zbekiston Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi hamda buyuk qomusiy olim va davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligiga bag'ishlangan ma'daniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda ushbu davlatda mehnat qilayotgan vatandoshlar, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar qatnashdi.
Ishtirokchilarga O'zbekiston Konstitutsiyasi milliy davlatchilik va suverenitet, shu kunga qadar erishgan barcha yutuqlarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo'lidagi sa'y-harakatlarimizning mustahkam poydevori ekanligi ta'kidlandi.
2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya Yangi O'zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlarning mustahkam huquqiy kafolati bo'lib xizmat qilayotgani urg'ulandi.
Joriy yilda O'zbekiston Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi ham keng nishonlanayotgani qayd etildi. Madhiyamiz – qalbida o'z Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg'usi bor har qanday insonda milliy g'urur, o'ziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uyg'otishi, bu milliy timsolda xalqning o'tmishi, buguni va kelajagi mujassam ekanligi urg'ulandi.
Yig'ilganlar, shuningdek, Mirzo Ulug'bek merosiga oid muhim ma'lumotlar bilan tanishdilar. Ulug'bekning davlat arbobi sifatidagi va ilm-fandagi yutuqlari haqida to'xtalib o'tildi.
Ta'kidlanganidek, Mirzo Ulug'bekning astronomiya, matematika, tarix, musiqa va boshqa fanlarga qo'shgan hissasi jahon tamaddunida alohida sahifa sifatida e'tirof etiladi.
Tadbir qatnashchilari, o'z chiqishlarida bugungi kunda O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, ilm-fanni rivojlantirish, madaniy merosimizni asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish, yurtimiz salohiyatini keng targ'ib qilish va xorijiy davlatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni qo'llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlarni yuqori baholadilar.