Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi yangilanadi
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi yangilanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini borib ko‘rdi.
Bu shifoxona 1975-yilda qurib bitkazilgan. Keyinchalik joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan. Klinikaga yiliga o‘rtacha to‘qson mingdan ortiq murojaat bo‘ladi. O‘ttiz mingdan ziyod bemor statsionar tarzda davolanadi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari amaliy mashg‘ulotlarini shu yerda o‘tkazishadi.
Lekin shifoxonada buning uchun sharoitlar yetarli emas. Binolar eskirib, ta’mirtalab bo‘lib qolgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ahvolni ko‘zdan kechirdi. Klinikani to‘liq rekonstruksiya qilib, uning negizida vodiy aholisi uchun kardiologiya, neyroxirurgiya, ko‘z kasalliklari va urologiya bo‘yicha murakkab operatsiyalar o‘tkazadigan tibbiyot markazi tashkil etishga ko‘rsatma berdi.
Prezident shifokorlar bilan suhbatlashdi.
– Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash uchun, eng avvalo, odamlarning salomatligi va yashash sharoitini yaxshilashimiz kerak. Bu institut va klinika shu borada katta markazlardan biri bo‘la oladi. Buning uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. Faqat ta’lim metodikasini yangilash, dunyo tibbiyotida qo‘llanilayotgan ilg‘or uslublarni tatbiq etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda Andijon viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi. Mutasaddilariga aholisi ko‘p Shahrixon tumani misolida tibbiy ko‘rik o‘tkazib, kasallik turlari bo‘yicha davolashning yangi uslublarini amaliyotga joriy qilish vazifasi qo‘yildi.