Kuvaytdagi yetakchi onlayn-nashrda O‘zbekiston Davlat gerbi haqida maqola eʼlon qilindi
Kuvaytdagi yetakchi onlayn-nashrda O‘zbekiston Davlat gerbi haqida maqola eʼlon qilindi
AL-KUVAYT, Kuvaytning “Q8-Press” onlayn-gazetasida O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan maqola arab tilida joylashtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashr muxbiri Xalid ash-Sharqaviy qalamiga mansub mazkur maqolada davlatimiz gerbini qabul qilish tarixi va uning o‘zbekistonliklar uchun ahamiyati batafsil yoritilgan.
Taʼkidlanganidek, 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganining 30 yilligi mamlakatda keng nishonlanadi.
Kuvaytlik jurnalist O‘zbekiston Davlat gerbi o‘zbek xalqining mustaqil, tinch, to‘kin va farovon hayotining timsolidir ekanini alohida qayd etadi.
«O‘zbekiston Davlat gerbidagi har bir rang, belgi chuqur ramziy maʼnoga ega. Gerbdagi yashil vodiy uzra nur sochayotgan quyosh tasviri O‘zbekiston tabiatining go‘zalligini namoyon etib turadi. Mag‘rur tog‘lardan boshlangan ikki daryo ramzi bardavomlik va o‘zbek xalqining buyuk maqsadlarini anglatadi. Gerbning yuqori qismida respublika hurligi va birligining ramzi sifatida tilla hoshiyalik sakkiz burchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan», deb taʼkidlaydi kuvaytlik jurnalik.
Maqolada davlat ramzining so‘l tomonida bug‘doyning oltin boshoqlari, o‘ng tomonida ochilgan paxta chanoqlari surati tushirilgan chambardan qadimdan mehnatsevar va bunyodkor xalqning rizq-ro‘zi, yurt boyligi hisoblanishi haqidagi maʼlumotlar quvaytlik mushtariylar eʼtiboriga haqola etilgan.
Muallifning qayd etishicha, gerbning markazida qanotlarini yozgan Humo qushi oliy saodat, baxt va erksevarlikni namoyon etadi.
«O‘zbekiston fuqarolari Vatan gerbini muqaddas ramz bilib, uni faxr timsoli sifatida eʼtirof etadi», deb yozadi Xalid ash-Sharqaviy.