O‘zbekiston elchisining Bosh qomusimiz islohotiga bag‘ishlangan maqolasi Kuvaytning yetakchi gazetasida chop etildi
O‘zbekiston elchisining Bosh qomusimiz islohotiga bag‘ishlangan maqolasi Kuvaytning yetakchi gazetasida chop etildi
AL-KUVAYT. «Tayms Kuvayt» gazetasida O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Bahromjon Aʼloyev qalamiga mansub «Asosiy qomusning islohotlari – O‘zbekiston taraqqiyotining asosidir» sarlavha ostidagi maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada joriy yilning 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida davlatimizning Bosh qomusini isloh qilish bo‘yicha ilgari surgan takliflarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritilgan.
«So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini mustahkamlash, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xalq farovonligini taʼminlash hamda jamiyatda siyosiy va demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish borasida katta ishlar amalga oshirildi», deya qayd etadi mamlakatimiz elchisi.
O‘zbekiston dipmissiyasi rahbariga ko‘ra, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan milliy Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanishi va taraqqiyoti uchun juda muhim. «Takliflar orasida ijtimoiy masalalar, xususan, aholining ijtimoiy muhofazasi va huquqlarini taʼminlashni Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Prezident taʼkidlaganidek, “inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, dahlsiz huquqlari va manfaatlari hamma narsadan ustuvordir», deya taʼkidlaydi muallif.
Maqolada yozilganidek, Konstitutsiyaviy islohotlarni hayotga tadbiq etishda maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalash masalalari ham alohida o‘rin tutadi. «Prezident taʼbiri bilan aytganda «asosiy tamoyil – inson qadrini ulug‘lash, aholining erkinligini, xavfsizligini, yashashi uchun munosib sharoitlarni, sifatli taʼlim olishini va ijtimoiy muhofazasini kafolatlash hamda barcha uchun sog‘lom ekologik muhitni yaratishdir. Bularning hammasi insonning asosiy huquqlari va erkinligini kengaytirish siyosatining ajralmas qismidir», deyiladi nashrda.
Maqola intihosida «Davlatimiz rahbari barqaror ijtimoiy davlat qurishdek maqsadga erishish yo‘lida barcha vatandoshlarni birlashishga va yakdillika chaqirdi», deb yozadi Bahromjon Aʼloyev.