Quvaytdagi vatandosh: O‘zbekiston gerbi - mustaqillik, hurlik va ozodlik, erkinligimizning go‘zal timsoli
Quvaytdagi vatandosh: O‘zbekiston gerbi - mustaqillik, hurlik va ozodlik, erkinligimizning go‘zal timsoli
AL-KUVAYT. Kuvaytdagi Ibn Sino klinikasi shifokori, vatandoshimiz Zulfiya Zunnunova O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan o‘z tabrigini yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
-Men bir necha yildan beri Kuvaytda shifokor sifatida ishlab kelaman. O‘z ixtisosligim bo‘yicha xorijiy safarlarda, xalqaro anjumanlarda ishtirok etaman. Xorijliklar bilan muloqotim davomida navqiron, mustaqil O‘zbekistonimizga dunyo ahli katta qiziqish bilan qarashidan xursand bo‘laman. Ular davlatimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz, madhiyamiz, gerbimizni maʼnosini so‘rashadi
Bugun O‘zbekiston Davlat gerbi qonun bilan tasdiqlanganiga 30 yil to‘ldi. Gerbimiz mamlakatimiz rasmiy idoralari, xorijiy vakolatxonalari, davlat tashkilotlarining peshtoqida aks ettirilgan.
Albatta, men xorijlik hamkasblarim, do‘stlarimga gerbimizning maʼnosini tushuntiraman.
Humo qushi - baxt qushi, bizga berilgan oliy saodat - bu mustaqillik, hurlik va ozodlik, erkinligimizning go‘zal timsolidir. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkiz burchakli moviy yulduz, ichida oq yarim oy va yulduzcha tasvirlangan. Zarrin nur sochayotgan quyosh-diyorimizning nurli, serquyosh ekanligiga, yorug‘lik va maʼrifatga ishora. Ikki daryo - Amudaryo va Sirdaryo diyorimiz uzra oqishi, yashil vodiylar - bu ona tabiatimizning go‘zalligini moʻjaz namunasi ekani haqida so‘zlab beraman. Paxta va bug‘doy o‘rimlari mehnatsevar va bunyodkor xalqimizning rizqu-nasibasi, yurt boyligi belgisidir. Bug‘doy - bu to‘qchilik va to‘kinchilik belgisi. Paxta esa, bu O‘zbekistonning oq oltini, respublikamiz paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Ushbu ramzlarni birlashtirib bayrog‘imiz aks ettirilgan va O‘zbekiston yozuvi oltin rangda yozilgan. Gerbimiz bizni shu aziz diyorning bir bo‘lagi sifatida anglashimiz, yurtsevar vatanparvar, fidoyi bo‘lishimizga chorlashini aytaman.
Yuqoridagi tavsiflarni eshitgan chet el fuqorolarining yurtimizga qiziqishi yana-da ortib, O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga oshiqadi.
Fursatdan foydalanib, xalqimiz va jonajon O‘zbekistonimizga tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.