O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti
Ayrim ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari bo’yicha tashkilotlar tomonidan noma'lum manbalarga tayangan holda, Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahrida sodir bo'lgan voqealar haqida turli xil taxminlar va asossiz xabarlar muhokama qilinmoqda.
Go’yoki noqonuniy kuch ishlatish orqali “tinch mitingni tarqatish”, jumladan, favqulodda holat e'lon qilish orqali “mustaqil ovozlarni yopish va axborot oqimini to’sish” haqida asossiz bayonotlar berilmoqda.
Shu munosabat bilan, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog'istondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etmoqda.
2022-yil 1-2 - iyul kunlari Nukus shahrida O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar bo'yicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zo'ravonlik, otishma va kuch ishlatish orqali egallab olishga harakatlar tashkil etildi.
Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilik, beqarorlik va bo'linishni qo’zg’atishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.
Dushman kayfiyatdagi kuchlar populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini ko'rishga majbur qildi.
Ommaviy vayrongarchilik va vahshiyliklar chog’ida Jo'qorg'i Kenges (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning o'qotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka o't qo'yish, buzish va yo'q qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga urinishlar kuzatilgan.
Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olgan, jumladan ularning 23 nafari og'ir ahvolda qolmoqda. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi tan jarohatlar oldilar.
Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi bo'lib, fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi joiz emas.
Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida, ilgari aytib o'tilganidek, 18 kishi vafot etdi. Shuni ta'kidlash kerakki, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining ko'pchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste’mol qilgan shaxslardan iborat edi.
O'zbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qo'lga kiritish, ayirmachilik g'oyalarini targ'ib qilish, aholi o’rtasida o’zaro nafratni qo'zg'atish, ommaviy tartibsizliklar va zo'ravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona sayi-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qo’yildi.
Ayni paytda Qoraqalpog'istondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida O'zbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga to'liq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar hamda adolatli sud kafolatini ta'minlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlarga yetkaziladi.
O'zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog'istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshirilmoqda hamda, birinchi navbatda, inson hayoti va salomatligiga nisbatan tahdidlarga yo’l qo’ymaslikka qaratilgan.
Bugungi kunda Qoraqalpog'istonda mobil aloqa to'liq faoliyat yuritmoqda, oziq-ovqat do'konlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlar faoliyat ko'rsatmoqda. Elektr enerigyasi, gaz va suv muntazam ravishda yetkazib berilmoqda.
O'zbekiston tegishli davlat organlari har kuni jamoatchilikni Qoraqalpog'istondagi vaziyat haqida xabardor qilib bormoqda. Shu munosabat bilan, mazkur mavzu yuzasidan ma'lumotlar yo’qligi haqidagi bayonotlar asossizdir.
Hech bir kuch O'zbekiston Respublikasiga demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, har bir fuqaroning sha'ni, qadr-qimmati, farovonligi, manfaatlariga g'amxo'rlik qiladigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlash yo'lida ishonch bilan harakatlanishiga to'sqinlik qila olmaydi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari bo’yicha tashkilotlarni Qoraqalpog'istondagi voqealarga xolisona yondashish, turli ishonchsiz manbalarga tayanib, bir tomonlama va shoshilinch xulosa qilmaslik va asossiyz bayonotlar e'lon qilmaslikni so'raydi.
O'zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot, shu jumladan insonning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida hamkorlik tarafdori bo’lib qolmoqda.