O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
Amaliy tashrif bilan AQSHda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
Muloqotda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqboli, mintaqaviy xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi.
Bosh kotib O‘zbekistonning 2022 yil 26 iyul kuni Toshkent shahrida “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Mazkur forumda BMTdan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi ma’lum qilindi.
A.Guterrish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlariga oid ma’lumotlarni alohida qiziqish bilan tingladi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.