Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan dolzarb tashabbuslari Kuvayt OAV nigohida
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan dolzarb tashabbuslari Kuvayt OAV nigohida
AL-KUVAY, 23 iyul. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning «Q-8 Press» onlayn-gazetasida mamlakatdagi yetakchi “Al-Anba” gazetasi muhariri Xolid ash-Sharqaviyning joriy yil 21 iyul kuni Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan maqolasi joylashtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xolid ash-Sharqaviy maqolasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvidagi nutqida ilgari surilgan takliflarning mazmun-mohiyati, mintaqa xavfsizligini taʼminlash va aholi farovonligini oshirishdagi ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalar qalamga olingan.
«Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar o‘tkazish orqali davlatlar o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik muloqotlarni faollashtirish muhimligini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uzoqni ko‘ra biladigan siyosatchi sifatida respublikaning tashqi siyosat konsepsiyasida barcha mamlakatlar, birinchi navbatda qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda», deb taʼkidlaydi muallif.
Maqolada barcha qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlarni mustahkamlash O‘zbekistonning ustuvor maqsadlardan biriga aylanganiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Muallif O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha tashabbusni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori minbaridan ilgari surganini qayd etgan. Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdorligini, tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo eng muhim maqsad va asosiy vazifa ekanini taʼkidlagan, deb yozadi kuvaytlik jurnalist.
Tahliliy materialda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, chegara savdo zonalari, sanoat lokalizatsiyasi, chegara oldi savdosi va boshqa muhim yo‘nalishlarni qamrab olganini urg‘ulagan.
«O‘zbekistonning barcha takliflari global kun tartibiga kiritilgan ustuvor yo‘nalishlar sirasiga kiradi. Ular mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash hamda iqtisodiy taraqqiyot istiqbollarini kengaytirishga xizmat qiladi», deb yozadi Holid ash-Sharqaviy.