Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya boshlandi
Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya boshlandi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya boshlandi.
Yig‘ilishda Yevropa, Amerika qit’alari, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalari, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, yetakchi tahliliy markazlar hamda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Kun tartibidan Afg‘onistonning barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishishini ta’minlashga qaratilgan qator muhim masalalar ko‘rib chiqiladi.
Ushbu davlatda gumanitar inqirozning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, urushdan keyingi milliy iqtisodiyotni tiklashga ko‘maklashish, ko‘p millatli afg‘on xalqi va butun dunyo manfaati yo‘lida ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayoniga jalb etish asosiy maqsad etib belgilangan.
Anjumanni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ochib berdi. Shundan so‘ng davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili, Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham xalqaro anjuman qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi. Ayni payt Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy nutq so‘zlayapti.