Davlatimiz rahbari SHHTni yana-da rivojlantirishning eng muhim jihatlarini belgilab berdi
Davlatimiz rahbari SHHTni yana-da rivojlantirishning eng muhim jihatlarini belgilab berdi
TOSHKENT, 29-iyul. /“Dunyo”/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishining tadbirlarida ishtirok etayotgan SHHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalarining rahbarlarini qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari - tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Xitoy Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardariy, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, shuningdek, Tashkilot bosh kotibi Chjan Min va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ishtirok etdi.
Ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor vazifalari va SHHTni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekistonning birlashmaga raisligi davomida o‘tgan davrda birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda joriy yil sentyabr oyida Samarqandda o‘tadigan sammit kun tartibiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari SHHT mamlakatlari vazirlariga murojaat qilar ekan, bugun dunyo oqibatlarini prognozlashtirish qiyin bo‘lgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan tub transformatsiya jarayonlarini boshidan kechirayotganini taʼkidladi. Global miqyosda ishonch va o‘zaro anglashuv taqchilligi tobora o‘tkir sezilmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi anʼanaviy kooperatsiya va logistika zanjirlari buzilayotgani, jahon mamlakatlarining aksariyatida oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi vaziyat keskinlashib, inflyatsiya ko‘rsatkichlari shiddat bilan o‘sayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yomonlashib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
Bunday murakkab sharoitda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga mos ravishda chora ko‘rish uchun saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va ko‘p tomonlama asosda yaqindan hamkorlik qilishga ehtiyoj kuchayib bormoqda.
SHHTga va ushbu tashkilot bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish ortib borayotgani ham bejiz emas. Bugungi kunda o‘ndan ortiq mamlakatdan tashkilot faoliyatida u yoki bu maqomda ishtirok etish bo‘yicha kelib tushgan arizalar ko‘rib chiqilmoqda.
Prezidentimiz SHHT o‘zining siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual salohiyatiga ko‘ra eng qudratli birlashmalardan biri ekanini qayd etdi. Tashkilot mamlakatlari hissasiga jahon YAIMning qariyb chorak qismi va sayyoramiz aholisining yarmi to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonning SHHTga raisligiga to‘xtalar ekan, mamlakatimiz yetakchisi 70 dan ziyod yirik tadbir muvaffaqiyatli o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Samarqand sammiti yakunida qabul qilinishi ko‘zda tutilgan 28 ta hujjatni kelishish jarayonlari yakunlandi.
Mintaqa ichidagi savdoni, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha konsepsiya va dasturlar shular jumlasidan. “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalardagi qo‘shma loyiha va tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda.
Davlatimiz rahbari SHHTni yana-da rivojlantirishning qator prinsipial jihatlarini belgilab berdi. Bular – Tashkilotning hech qanday bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlash, yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirish, Markaziy Osiyoning SHHTning “geografik o‘zagi” sifatidagi o‘rnini saqlab qolish, transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini ilgari surish hamda Afg‘onistonni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga yana-da faol jalb qilish.
Uchrashuv yakunida SHHT makonida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, keng ko‘lamli hamkorlikni yana-da mustahkamlashga O‘zbekistonning intilishi qatʼiy ekani yana bir bor qayd etildi.
Yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘z mamlakatlari yetakchilarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.