Senat raisi Yoshlar parlamenti a’zolari bilan uchrashdi
Senat raisi Yoshlar parlamenti a’zolari bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati binosida Yoshlar parlamentining istiqboldagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida senatorlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari kotibiyatlari mudirlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Yoshlar parlamenti raisi tomonidan parlamentning istiqboldagi ish rejalari va yangi loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Hududiy a’zolar faoliyatini yanada jonlantirish maqsadida hududiy komissiyalar tashkil etildi. Ular yoshlar muammolarini o‘rganish asnosida yechimlarini topishga harakat qilmoqda.
Yoshlar parlamenti komissiyalari raislarining joriy yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jumladan, respublika miqyosida yangi tashkil etilgan oilaviy bolalar uylari holatlarini o‘rganish va foster oilalar tizimini tatbiq etish mexanizmini ishlab chiqish, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalarining sabablarini tahlil qilish, yosh tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini o‘rganish kabi masalalar yuzasidan komissiya raislari axboroti eshitildi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva Yoshlar parlamenti vakillarining qilayotgan ishlari, rejalari haqida eshitgach, ular oldida turgan ustuvor vazifalarni sanab o‘tdi. Xususan, yoshlarga oid masalalar va muammolar yuzasidan tegishli takliflarni davlat organlariga, qonunchilik tashabbusi sub’ektlariga kiritib borish zarur. Shuningdek, davlat organlariga yoshlar tomonidan yo‘llangan murojaatlarning hal etilishi yuzasidan tahliliy axborot tayyorlab borish maqsadga muvofiqligi ta’kidlab o‘tildi.
Yoshlar parlamenti a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan muammoli masalalarga munosabat bildirib, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib borishi lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.