O‘zbekiston TIV rahbari YEXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdrahmanov bilan uchrashdi
O‘zbekiston TIV rahbari YEXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdrahmanov bilan uchrashdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun YEXHTning Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdrahmanovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YXHT va uning institutlari bilan o‘zaro hamkorligi sezilarli darajada faollashgani va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidladilar.
Oliy komissar mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash, xorijiy davlatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish borasida olib borilayotgan siyosatni yuksak baholadi. Ayniqsa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik siyosati mintaqa xalqlari va elatlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda ijobiy o‘rin tutayotgani alohida taʼkidlandi.
Q.Adburahmanov O‘zbekistonda barcha millat va elat vakillarining bilim olishi, mehnat qilishi, ijodiy qobiliyat va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilganini qayd etdi. Jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning ustuvor maqsadlaridan biri etib belgilanganini olqishladi.
Tomonlar barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.