O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon tashqi ishlar, iqtisodiyot, raqamli rivojlanish va transport vazirlarini qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon tashqi ishlar, iqtisodiyot, raqamli rivojlanish va transport vazirlarini qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya vazirlarining birinchi ko‘p tomonlama uchrashuvi tadbirlarida ishtirok etayotgan Ozarbayjon delegatsiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Ozarbayjon tomonidan tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov, iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov hamda raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev qatnashdi.
Birodar davlatlarimiz yetakchilarining kelishuvlariga muvofiq O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar yaqinda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvdan so‘ng sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan oyda neft-gaz va kimyo tarmoqlarida, ipakchilik va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalarida, shuningdek, milliy industriallashtirish dasturlari doirasidagi loyihalarni ilgari surish uchun delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari faol davom ettirildi.
Kuni kecha Toshkent shahrida ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Bugun esa uchchala mamlakatning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uchrashuvida, eng avvalo, mintaqada samarali transport kommunikatsiyalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari o‘zaro manfaatli hamkorlikka doir loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish, shu jumladan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya fondini tashkil etish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish, birinchi Hududlar forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish, erkin iqtisodiy zonalar negizida kooperatsiya uchun sharoitlar yaratish muhim ekanini alohida taʼkidladi.
Joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.