O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan 1991 yil 31 avgustda qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi ko‘p ming yillik tariximizdagi hech qachon unutilmaydigan, qadr-qimmati va ahamiyati yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqeadir.
Aynan milliy mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai bo‘lib kelmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g‘oyat og‘ir va murakkab vaziyatda mard va olijanob xalqimizning fidokorona mehnati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish bo‘yicha muhim natijalarni qo‘lga kiritayotganimiz, bu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani, eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, ular islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilib yashayotganini alohida ta’kidlash zarur.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha’ni va g‘ururini yetakchi o‘ringa olib chiqish ustuvor vazifamizga aylangan hozirgi vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish ko‘p millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda.
Buyuk istiqlolimizning xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, yurtimizni har tomonlama erkin, obod va farovon mamlakatga aylantirishdagi ulkan ahamiyat va mohiyatini hisobga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligini munosib kutib olish va ushbu qutlug‘ sanani yuksak darajada nishonlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi (A.Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Mustaqillik bayramining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda keng nishonlanishini ta’minlasin;
barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘ysin;
belgilangan chora-tadbirlar qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini o‘z yig‘ilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
4. Joylarda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ta’sirchan usullarda ifoda etish;
mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini chuqur tahlillar, aniq hayotiy misollar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish;
bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga, inson qadrini ulug‘lashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;
aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-kizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan dasturlarimizning ijobiy natijalarini ko‘rsatish;
bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.
5. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.Hojimatov) va Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;
ushbu konsert tomoshasini tajribali ijodkorlar hamda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin.
6. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov), Badiiy akademiya (A.Nuriddinov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov), O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (O.O‘sarov), “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi (I.Latipov) tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov), “Dunyo” axborot agentligi (S.Suyarov), O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi (Sh.Qudratxo‘ja) va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 1 avgust