Tarixiy g‘alaba uchinchi renessans poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi
Tarixiy g‘alaba uchinchi renessans poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi
Bundan 12 kun muqaddam Hindistonda boshlangan 44-shaxmat Olimpiadasining birinchi, ikkinchi va uchinchi turlarida Nepal, Islandiya, Sloveniya vakillarini mag‘lub etgan iste’dodli shaxmatchilarimiz AQSH vakillari bilan 4-turda yutib turilgan o‘yinni durangga aylantirganda, rosti, bir oz ranjiganimiz bor gap.
Ammo, umidimiz so‘nmagandi. Nodirbeklarning vazmin shahdiga, Javohirning shiddatiga, Jahongirning kutilmagan “kishti”ga, umuman, yigitlarimizning har bir turda raqiblarga aniq “zarba” bera olishiga ishongandik.
Bu ishonch partiyadan turlarga o‘tgani sayin mustahkamlanib bordi. Ayniqsa, 6-turda Hindistonning asosiy jamoasi bilan o‘tgan murakkab o‘yinda “umidimiz omad tulporida” ekanligini vakillarimiz yanada yorqin namoyon etdi. Ushbu turda birinchi taxtada o‘ynagan Nodirbek Abdusattorov Hindistonning eng kuchli shaxmatchilaridan biri, dunyo reytingida 25-o‘rinda borayotgan Pentala Xarikrishna bilan kechgan jiddiy o‘yinda imkoniyatni boy bergan, Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov durangga erishgan bir paytda Jahongir Vohidov Krishnan Sasikiranni mag‘lubiyatga uchratishi “yo‘llarimiz yorug‘” ekanligini ko‘rsatdi.
Ushbu durang O‘zbekiston shaxmatchilarining g‘alaba manzili oldidan katta dovonga chiqishini ta’minladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jahonga O‘zbekistonning intellektual salohiyatini namoyish etgan yigitlarimiz 8-turda Germaniyani, 9-turda olimpiadaning eng kuchli jamoalaridan biri – Armanistonni yengishi va, nihoyat, 10-turda hindlarning “yashirin “quroli” Hindiston-2 jamoasi bilan aql bovar qilmas o‘yindagi holat 44-olimpiadaning burilish nuqtasi bo‘ldi.
Ushbu turda Jahongir Vohidov va Nodirbek Yoqubboyev qiyin vaziyatda durangga erishishi, Javohir Sindorov murakkab partiyada mag‘lub bo‘lishi va Nodirbek Abdusattorovning o‘z g‘alabasi bilan O‘zbekistonga go‘yoki chempionlik maydoni kengliklarini ko‘rsatdi, aslida.
9 avgust 44-shaxmat olimpiadasining oxirgi 11-turi O‘zbekiston shaxmat tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan kun bo‘lib muhrlandi.
Jamoamiz so‘nggi turda Niderlandiya vakillariga qarshi dona surdi. Dastlab ikkinchi taxtada o‘ynagan Nodirbek Yoqubboyev raqib jamoa vakili Yorden van Forest bilan durangga erishdi. Nodirbek Abdusattorov ham Anish Giri bilan kelishuv yo‘lini tanladi. Javohir Sindorov ham Bendjamin Bok bilan o‘yinda murosaga keldi. Shunday qaltis vaziyatda Jahongir Vohidovning Maks Uormerdam bilan o‘yini hal qiluvchi uchrashuv ko‘rinishini oldi. Murakkab “aql jangi”da Vohidov bor iqtidorini ishga soldi va shiddatli, ruhiy kurashlar ostida o‘tgan “jang”da raqibini mag‘lub etdi.
G‘alabalar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. E’tibor, qo‘llov yutuqlarning yuzini ochadi. Xalqimizning salomatligini mustahkamlashga g‘amxo‘rlik qilish, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni tarbiyalash hamisha davlatimizning e’tibor markazida bo‘lib kelgan.
Bundan bir yil muqaddam O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 5 avgustda qabul qilingan “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlar yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning intellektual salohiyatini o‘stirishga xizmat qilmoqda.
Aytish joiz, mamlakatimizdagi 160 ga yaqin o‘rta ta’lim maktablarida shaxmat to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, ularga 12 ming nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar qamrab olingan. Shuningdek, 250 dan ziyod bolalar-o‘smirlar sport maktablarida shaxmat bo‘yicha 600 ga yaqin seksiyalar faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda shaxmat bilan professional shug‘ullanuvchilar soni 4 ming nafardan ziyod bo‘lib, “aql gimnastikasi”chilarimizning 25 nafari xalqaro grossmeyster hisoblanadi.
Yana bir e’tiborli holat. 44-shaxmat olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan shaxmatchilarimiz mazkur qarorlar asosida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Unga ko‘ra, g‘oliblikka erishgan shaxmatchilarimizning har biriga 600 million so‘m, ularning murabbiyiga esa 300 million so‘m pul mukofotlari topshiriladi.
44-shaxmat olimpiadasida yosh shaxmatchilarimiz erishgan ushbu g‘alaba O‘zbekistonni shaxmat olimpiadasining chempioni maqomiga olib chiqdiki, bu mamlakatimiz yoshlarining salohiyati, ularning iste’dodi, jahonni lol etgan "aql quyoshi" ming yillar narisida millionlab insonlarning havasini keltirib turishi, shubhasiz.
Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan Yangi O‘zbekiston tamoyilini mustahkamlash asnosida Uchinchi Renessans poydevori yaratilishiga munosib zamin hozirlanayotganligining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 44-shaxmat olimpiadasida zafar quchgan sportchilarimiz joriy yilning 11 avgustida O‘zbekistonga qaytib keladi.