Saudiya Arabistoniga tarixiy tashrif hamkorlik aloqalarini yuqori bosqichga olib chiqadi
Saudiya Arabistoniga tarixiy tashrif hamkorlik aloqalarini yuqori bosqichga olib chiqadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifining ikkinchi kunida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashdi.
bugungi kunda Islom hamkorlik tashkiloti 1 milliard 700 million aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. O‘zbekiston IHTga 1996 yilda a’zo bo‘lganidan buyon tashkilot bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Uchrashuvda ushbu nufuzli xalqaro tuzilma hozirgi zamon xatarlari sharoitida islom qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston bilan IHT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi darajasi, ularni barcha dolzarb yo‘nalishlarda yanada kengaytirish istiqbollari yuksak baholandi.
Husayn Ibrohim Toha O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida o‘rin tutishi, mamlakatimiz ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilingani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston bundan buyon ham ta’lim, fan, innovatsiyalar sohalarida, iqlim o‘zgarishi masalalarida IHT bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi.
Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish kabi muhim ijtimoiy yo‘nalishlarda, shu jumladan, IHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashishga kelishib olindi.
O‘zbekistonning fan va ta’lim sohalaridagi boy salohiyati qayd etilar ekan, IHT mamlakatimiz bilan tashkilotga a’zo rivojlanayotgan davlatlarda yoshlarni o‘qitish va malakasini oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
– O‘zbekiston – buyuk mutafakkirlar va olimlar yurti, tashkilotimiz bu sohalarda respublikangiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor, – dedi bosh kotib.
Afg‘oniston xalqiga gumanitar ko‘mak ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Termizdagi logistika markazini rivojlantirish orqali ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini yetkazish mumkinligi qayd etildi. Termizdagi Afg‘on yoshlari uchun ta’lim markazi faoliyatiga yuqori baho berildi.
Global, eng avvalo, Orol mintaqasidagi ekologik muammolarni hal qilish masalalari muhokama qilindi. IHT bosh kotibi joriy yil martda Islomobodda IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Orolbo‘yi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarni qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.
– Orol dengizi va Chad ko‘lining qurishi bir-biriga o‘xshash muammolardir, ushbu global ekologik xatarlarni bartaraf etish xalqaro hamjamiyat va moliyaviy institutlarni jalb qilishga qaratilgan umumiy hamkorlikni taqozo etadi, – dedi Husayn Ibrohim Toha.
Ularga yechim izlash maqsadida ilmiy va amaliy tajriba almashish, xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti bosh kotibni mamlakatimizga tashrif bilan borishga taklif etdi. Husayn Ibrohim Toha bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari ITB prezidentini Toshkent shahrida Bank Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezidentimiz ITB bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab, Bankning O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirishdagi strategik rolini alohida qayd etdi.
bugungi kunda ITB bilan birgalikda uy-joy kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloqlarni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi, tadbirkorlik va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yil yakunigacha Bank tomonidan 1,6 milliard dollarlik o‘ta muhim loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni ma’qullash nazarda tutilgan alohida dastur qabul qilindi. Ta’kidlanganidek, bu ITB bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish va 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha mamlakat dasturini qabul qilish sari muhim qadam bo‘ladi.
Bankning Toshkentdagi to‘laqonli vakolatxonasini tez fursatda tashkil etish, yangi moliyalashtirish vositalarini joriy qilish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni, ayniqsa, ayollar va yoshlar biznesini rivojlantirish borasidagi vazifalar yechimiga muhim hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Transport infratuzilmasi bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni, Orolbo‘yida ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlik, shuningdek, IHTning alohida trast fondi ko‘magida Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish va uni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bank boshchiligidagi islom olamining yetakchi moliyaviy institutlarini o‘z ichiga olgan Arab muvofiqlashtirish guruhining navbatdagi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish muddatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shundan so‘ng, davlatimiz rahbari Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih hamda podshohlikning «ACWA Power», «SABIC», «Saudi National Bank», «Al Rajhi Capital», «Ma'aden», «Petromin» «Jamjoom Pharma», «SEDCO», «Salic», «Albawani», «Ajlan & Bros», «Desert Technologies» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining xorijga tashriflari davomida ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Bunday muloqotlar manfaatlar tutashgan nuqtalarni aniqlash, sanoat kooperatsiyasi va investitsion hamkorlik istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘zaro munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan salohiyatga ega. Keyingi yillarda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi ortib, qo‘shma korxonalar ochilmoqda.
Prezidentimiz kuni kecha Valiahd shahzoda bilan muzokaralarda ikki tomonlama savdo aylanmasini bir necha karra ko‘paytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
Bu hamkorlikdagi biznes uchun qulay imkoniyat. Xususan, O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, xorijiy sarmoya ishtirokini kengaytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizda muvaffaqiyatli ish yuritayotgan Saudiya kompaniyalarining tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan.
Ishtirokchilarning e’tibori tashrif arafasida o‘tgan O‘zbekiston – Saudiya ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining misli ko‘rilmagan natijalariga qaratildi. Jumladan, uning yakunida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ziyod loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
O‘tgan 30 yilda bunday ulkan kelishuvlarga erishilmagani, saudiyalik hamkorlar uchun eng yaxshi sharoitlar yaratish ishlari davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Saudiya kompaniyalarini yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga doir fikrlarini bayon qildi. Xususan, saudiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga taklif etildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekiston shamol elektr stansiyalarini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish, sanoatda raqamlashtirishni chuqurlashtirish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanish borasida faol hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz yetakchisi yurtimiz raqamli iqtisodiyot, bio va nanotexnologiyalar, dasturiy ta’minot, innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida sheriklikni kengaytirishdan manfaatdorligini qayd etdi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va turizm loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi.
Shuningdek, mamlakatimizda Saudiya taraqqiyot fondi ishtirokida suv va elektr ta’minoti borasidagi infratuzilmaviy loyihalarni takomillashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.
Hamkorlik qilish taklifiga javob berar ekan, Saudiya Arabistoni kompaniya, xolding va korporatsiyalari rahbarlari O‘zbekistonda faol biznes uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadilar. O‘z chiqishlarida ular qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalarini bayon qilib, turli xil yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalar va sheriklikni rivojlantirishga doir nuqtai nazari bilan bo‘lishdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev saudiyalik hamkorlarning taklif va fikr-mulohazalarini diqqat bilan tinglab, barcha loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini qayd etdi.
Mutasaddilarga ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlari ko‘rsatilgan kompleks “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi. Shu orqali tashrif doirasida erishilgan barcha kelishuvlar ijrosi uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni mamlakatimizning yuksak mukofoti – «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotladi.
Ma’lumki, bu orden yaqinda, O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 15 avgustdagi qonuniga muvofiq ta’sis etildi. U bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari mukofotlanadi.
Salmon bin Abdulaziz ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan birinchi inson bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida muqaddas Makka shahrida ham bo‘lib, umra amallarini bajardi.
Davlatimiz rahbari dinimiz arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz o‘qidi, talbiya aytib, Masjidul haramga bordi.
Ma’lumki, ka’batullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulug‘ sharafdir. Prezidentimiz ana shunday sharafga muyassar bo‘lib, ka’batullohning ichida namoz o‘qidi.
So‘ng baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita sa’y qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari, ulamo va ziyolilar bilan birgalikda yurtimizga tinchlik va taraqqiyot, xalqimizga salomatlik va farovonlik tilab duolar o‘qildi.
Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yakunlandi.