O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish Agentligida Qatar davlati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish Agentligida Qatar davlati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qatar munitsipalitet va atrof-muhit vazirligining Oziq-ovqat xavfsizligi departamenti direktori Mas’ud Jaralla al-Marri boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonning agrar sohadagi islohotlari va yangiliklari bilan tanishdi. Jumladan, issiqxona xo‘jaliklarining qish va yoz mavsumlaridagi ishlash tamoyillari, isitish va sovitish tizimlari, yetishtirilayotgan mahsulotlarning turi va hajmiga alohida qiziqish bildirildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan “Hassad Food” kompaniyasining tijorat va aloqa masalalari bo‘yicha ijrochi direktori Muborak Rashid as-Sahutining so‘zlariga ko‘ra, Qatar bozorida O‘zbekistonda yetishtirilgan har qanday meva va sabzavotlarga talab katta. Shu munosabat bilan tomonlar eksport va import masalasida yanada yaqinroq hamkorlik qilishi va doimiy muloqotda bo‘lishi talab etiladi.
Shuningdek, uchrashuvda Agentlik rahbariyati tomonidan mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Agentlik tomonidan tijorat banklari ishtirokisiz berilayotgan subsidiya va imtiyozli qarz mablag‘lari, shuningdek, fyuchers shartnomalari asosida fermerlardan tayyor bo‘lgan meva-sabzavotlarni bozor narxida sotib olish tizimi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Suhbat davomida Mas’ud Jaralla al-Marri Qatarda har yili mart oyida bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy qishloq xo‘jaligi yarmarkasida O‘zbekiston kompaniyalarining o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishiga taklif etdi. Uning fikricha, bunday xalqaro tadbirlar davomida O‘zbekistonning agrar sohadagi eksport salohiyatini yanada faolroq targ‘ib qilish imkoniyati yaratiladi.
Qatarning “Al Meera” kompaniyasi ijrochi direktori Yusuf Ali al-Obaydanning ta’kidlashicha, transport logistikasi masalasida bir qator qiyinchiliklar mavjud. Qolaversa, chet eldan sotib olingan har qanday oziq-ovqat mahsulotlari uchun Qatarda ikki turdagi sertifikatlar talab etiladi. Biri – karantin qo‘mitasidan beriluvchi hujjat, ikkinchisi – Qatar sog‘liqni saqlash vazirligidan beriladigan mahsulotning insonlar iste’moli uchun yaroqli va xavfsiz ekanligini tasdiqlovchi hujjat.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Qatarga eksporti bo‘yicha aniq loyihalar va takliflar ishlab chiqish yuzasidan yana qo‘shimcha onlayn-uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.