SHHT xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi
SHHT xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi
Toshkentda 18-19 avgust kunlari O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida SHHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 17-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda SHHTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar, shuningdek, Tashkilot kotibiyati va Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning uchrashuv qatnashchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng SHHT hududida xavfsizlikka nisbatan zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga birgalikda qarshi turishga qaratilgan hamkorlikdagi amaliy faoliyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Terrorizm va ekstremizmga, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ noqonuniy aylanmasiga hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan jinoyatlarga qarshi birgalikda kurash olib borish yuzasidan belgilangan vazifalar doimo diqqat markazida ekani alohida ta’kidlandi.
Samarqand shahrida joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari sammitiga tayyorgarlik bilan bog‘liq ayrim jihatlar alohida ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakuni bo‘yicha Uchrashuv protokoli imzolandi va barcha kelishuvlar aks etgan axborotnoma qabul qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va bir qator davlatlar delegatsiyalari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashildi, muayyan sohalar bo‘yicha hamkorlikning joriy holati va istiqboliga oid qator jihatlar ko‘rib chiqildi.
Anjuman ishtirokchilari ushbu nufuzli tadbir doirasida poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, istiqlolimizning 30 yilligi munosabati bilan barpo etilgan majmuadagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
Yuqori martabali mehmonlarga majmua haqida batafsil so‘zlab berildi.
SHHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholashdi.
Xorijiy delegatsiyalar vakillari poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga ham tashrif buyurdi. Ularga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur yirik inshoot tarixi to‘g‘risida muxtasar ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng “Matonat madhiyasi” majmuasiga gulchambarlar qo‘yildi.
Mehmonlar G‘alaba bog‘i va “Shon-sharaf” muzeyi bo‘ylab sayohatdan ulkan taassurot olganliklarini e’tirof etdi.