Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Banklararo uyushma kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Banklararo uyushma kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
TOSHKENT, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. 23 avgust kuni O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raisligi doirasida Toshkent shahrida tashkilotga aʼzo davlatlar Banklararo uyushmasi kengashining XVIII yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yig‘ilish “O‘zmilliybank” AJ raisligida o‘tkaziladi.
Anjumanda SHHTga aʼzo davlatlarning Banklararo uyushmaga aʼzo banklari rahbarlari, shuningdek SHHT kotibiyati va SHHT Banklararo uyushmasi hamkor banklari, O‘zbekistonning vakolatli vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etadi.
Muloqot doirasida SHHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida savdo va investitsiya hajmi o‘sishini rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, o‘zaro manfaatli sheriklikni yaxshilash maqsadida aʼzo banklar o‘rtasida investitsiya, iqtisodiyot sohalari va kadrlar masalasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Banklararo uyushmaga aʼzo banklarda kadrlar salohiyatini oshirish istiqbolini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, SHHT Banklararo uyushmasi Hukumat rahbarlari kengashining 2005 yil 26 oktyabrdagi qarori bilan aʼzo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va bank xizmati ko‘rsatish mexanizmini yaratish maqsadida tuzilgan.