Tadbirkorlik rivoji uchun yangi sharoit va imkoniyatlar yaratish – ustuvor vazifamizdir
Tadbirkorlik rivoji uchun yangi sharoit va imkoniyatlar yaratish – ustuvor vazifamizdir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda so‘zlagan nutqi
Hurmatli tadbirkorlar, ochiq muloqot ishtirokchilari!
Bugun Tadbirkorlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz biznes hamjamiyatida munosib o‘ringa ega bo‘lgan sizdek aziz insonlar bilan ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman.
bugungi muloqotimiz eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida o‘tayotgani, hech shubhasiz, unga alohida mazmun va ruh bag‘ishlamoqda, desam, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bundan bir yil oldin sizlar bilan mana shunday ezgu an’anani yo‘lga qo‘yganimiz juda to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi isbotlamoqda.
O‘tgan yilgi uchrashuv arafasida va tadbir davomida sizlardan kelib tushgan minglab murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish va takliflarni amalga oshirishga qaratilgan katta dastur, 70 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qildik. Biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun 130 trillion so‘m kreditlar, 3,5 trillion so‘mlik subsidiya va kompensatsiyalar ajratdik.
O‘tgan yilgi uchrashuvimiz arafasida xorijiy valyutada kredit olgan va valyuta kursining muntazam o‘sishi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimizdan murojaatlar kelib tushgan edi. Shunday muammoga duch kelgan tadbirkorlarning mushkulini oson qilish maqsadida ularning 123 million dollarga teng kreditlarini milliy valyutaga o‘tkazib berdik. Ushbu amaliyotni davom ettiramiz.
Qurilish sanoatida sement, charm-sanoatda bo‘yoqlar va kimyoviy moddalar, mebel sanoatida MDF, furnitura va aksessuarlar kabi jami 82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar import bojidan ozod qilindi, natijada mahsulotlarning tannarxini kamaytirish uchun sharoit yaratildi.
Umuman, ijobiy misol sifatida ko‘rsatadigan natijalarimiz ko‘p. Men ular haqida ko‘p to‘xtalmasdan, aynan biznes muhitning yaxshilanganini ko‘rsatuvchi misollarni keltirib o‘tmoqchiman.
E’tibor bering, o‘tgan bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan 55 mingdan ortiq biznes uchun binolar barpo etildi. Ya’ni, tadbirkorlar kelajakka ishonib, ko‘chmas mulkka investitsiyalarni ko‘paytirmoqda. Shuningdek, tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga oshib, 26 mingtaga yetdi. Yana 1 ming nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazdi. Tadbirkorlarimizdan 220 nafarining tushumlari esa 100 million dollarga yetdi.
Mamlakatimizda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetdi, umumiy eksport hajmi 30 foiz ko‘paydi.
Albatta, bunday yutuqlarga erishish oson bo‘lmayapti. Men buni yaxshi tushunaman. Ushbu yutuqlar negizida sizlarning tinimsiz va mashaqqatli mehnatingiz turganini aniq bilaman va qadrlayman.
Bugun ushbu minbardan turib bir gapni baralla aytmoqchiman: men sizlarni farovon hayotimiz bunyodkorlari, deb bilaman va bu yo‘lda sizlar bilan doim birgaman.
Hozirgina 29 nafar biznes vakillarimizga ularning fidokorona mehnatini e’tirof etib, davlatimizning yuksak orden va medallarini topshirdim. Shuningdek, kuni kecha 100 nafar ishbilarmonlarimiz “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, ushbu tadbirkorlarimizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Hurmatli tadbirkorlar!
Dunyodagi hozirgi vaziyatni ko‘rib turibsiz, uning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri ortib bormoqda.
Iqtisodiy faollikning pasayishi, tashqi savdo, logistika, oziq-ovqat va xomashyo narxlari, energiya bilan barqaror ta’minlashdagi muammolar tadbirkorlarni albatta xavotirga solmoqda.
Shu bois ushbu xavf-xatarlarning iqtisodiyotimizga ta’sirini kamaytirish va barqaror rivojlanish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdamiz. Bu jarayonda tadbirkorlarimiz bilan doimiy muloqot qilib, kelgusidagi barcha sa’y-harakatlarimizni bamaslahat davom ettiramiz.
Hurmatli biznes vakillari!
bugungi muloqotimiz arafasida tadbirkorlarimizdan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlardagi savollar, bildirilgan taklif va tashabbuslarning mazmuni bilan batafsil tanishib chiqdim. Shuningdek, vazirlar va hokimlar biznes vakillari bilan alohida mavzular bo‘yicha uchrashdi. Ana shu uchrashuvlarda sizlar ko‘targan muammolar, bergan taklif va tashabbuslardan ham xabardorman.
Chindan ham, bugungi kunda biznes vakillarida yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar yig‘ilib qolgan.
Birinchi – yangi loyihalarni boshlash, biznesni kengaytirish va aylanma mablag‘larni ko‘paytirish uchun tadbirkorlarda 6 milliard dollar qo‘shimcha kreditlarga ehtiyoj mavjud. Bu haqda 3 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.
Ikkinchi – 1,5 ming tadbirkor soliq ma’murchiligining murakkabligi va tekshiruvlar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan.
Uchinchi – tadbirkorlik uchun sharoitlar barcha tuman va shaharlarda ham bir xil emas. Buni yaqinda joriy etilgan hududlarning investitsiyaviy reytingi yaqqol ko‘rsatib berdi.
Barcha tuman va shaharlarda tadbirkorlikni teng rivojlantirish bo‘yicha har bir hudud uchun alohida yondashuvlar zarur.
To‘rtinchi – infratuzilmaga ulanish, yer va joy ajratish masalalari bo‘yicha biznes vakillarining ko‘plab muammolari hal etilmasdan turibdi. Bu borada ham 2 mingdan ortiq murojaatlar bor.
Beshinchi – mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyatiga aralashish ham biznes vakillarini jiddiy tashvishga solayotgani sir emas.
Oltinchi – bizda kichik va o‘rta biznes tushunchalari, ularning o‘sishiga turtki beradigan alohida qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanmagan.
Sizlar ko‘targan ana shunday masalalar o‘rinli.
Bir narsani ochiq aytmoqchiman – hamma muammolarni birdaniga hal qilish mumkin emas. Lekin, bugun ko‘plab masalalarga yechim topishga harakat qilamiz, qolganlari bo‘yicha biznes vakillari va ekspertlar bilan hamkorlikda ishlaymiz.
Hozir men 5 ta yo‘nalishdagi tashabbuslarni aytib o‘tsam-da, keyin sizlarning fikr-mulohaza va takliflaringizni ko‘rib chiqsak.
Hurmatli ochiq muloqot ishtirokchilari!
Aytib o‘tganimdek, birinchi yo‘nalishda – korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni belgilab olishimiz zarur. Bunda korxonalarni ularning yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratamiz. Ularning 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes, 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.
Shundan kelib chiqib, birinchidan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi. Bunda olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi. Yoki ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
Bundan tashqari, aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi. Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi.
Ayni paytda aylanmasi 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlarga xabardor qilish orqali soliq to‘lovlarini olti oygacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi (amalda 15 foizlik stavka qo‘llanadi), agar tadbirkor xohlasa, uning soliq hisobotlarini soliq idoralari ko‘makchi bo‘lib yuritib beradi.
Ikkinchidan, tez o‘sib borayotgan salohiyati yuqori bo‘lgan o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazishimiz zarur. Buning uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi. Shuningdek, mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi.
Davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida mazkur toifadagi korxonalarga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).
Uchinchidan, o‘rta korxonalarning rivojlanishi va raqobatdosh bo‘lishida xalqaro standart va sertifikatlash tizimini joriy etish o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ular ishlab chiqarishga qanchalik tez joriy etilsa, ichki bozorda sifatli mahsulotlarimiz ham ko‘payadi. Afsuski, buni o‘z kuchi bilan amalga oshirish uchun tadbirkorda mablag‘ ham, tajriba ham yetarli emas.
Shu bois Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (D.Sattarov) bir oy muddatda har bir hudud va tarmoq kesimida bajariladigan aniq tadbirlardan iborat qaror loyihasini kiritsin.
To‘rtinchidan, kichik va o‘rta biznes uchun eng muammoli masalalardan biri – bu qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va qaytarish bilan bog‘liq.
Esingizda bo‘lsa, bundan 3 yil oldin qo‘shilgan qiymat solig‘i faqat eksportchi korxonalarga qaytarilar edi. 2020 yil 1 iyuldan boshlab esa, ushbu soliqni barcha korxonalarga qaytarib berishni boshladik. Buning hisobidan bunday soliq to‘lovchilar soni 25 barobar oshib, 160 mingtaga yetdi.
Biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, oldingi ochiq muloqotda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini yanada tushirishni kelishib olgan edik.
Ochiq aytishim kerak, “Iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, – deb taklif berganlar ham bo‘ldi. Lekin, sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz.
Shu bilan birga, tadbirkorlarimizda ushbu soliq bo‘yicha ko‘plab savollar, tushunmovchiliklar bor.
Bir fikrni ta’kidlab aytmoqchiman, qo‘shilgan qiymat solig‘i iqtisodiyotimizdagi “kasalliklar”ni, xufiyona jarayonlarni, hisob-kitoblardagi “zaif joylar”ni ko‘rsatib bermoqda.
Meni eng tashvishga solayotgan jihat shuki, “zachyotga olish”dagi noto‘g‘ri ishlar tufayli halol tadbirkorlarimiz, jumladan, eksportyorlarimiz ham aziyat chekmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov va J.Xodjayev, Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Qudbiyev), Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov) biznes vakillari va ekspertlar bilan birga, ikki oy muddatda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha kelib chiqayotgan muammolarni ochiq muhokama qilib, aniq yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin. Lekin buni kutmasdan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisob-kitobi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan korxonalarga mablag‘larni 7 kun ichida qaytarish tizimi joriy etiladi.
Hukumat komissiyasi (J.Xodjayev) bunday toifaga tushadigan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, amaliy ishlarni tashkil etsin.
Beshinchidan, joriy yil 1 iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilindi. Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?
Ikkinchi yo‘nalish – tadbirkorlarimiz o‘z faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini tashkil etishni so‘ramoqda.
Birinchidan, kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, kelgusi bir yil uchun Moliya vazirligi mikro va kichik biznes loyihalari bo‘yicha Mikrokreditbank, Agrobank va Xalq bankiga 500 million dollar resurs ajratadi.
Ushbu mablag‘lar o‘z faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlarning kichik loyihalari uchun 300 million so‘mgacha, 5 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan beriladi.
Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari bilan tadbirkorlarimiz uchun 1 milliard dollar uzoq muddatli kredit liniyalarini jalb qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdik. Shundan 300 million dollari ayollar va yoshlar tadbirkorligi loyihalariga ajratiladi.
Bu haqda so‘z yuritganda, JICAdan – 400 million dollar, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan – 150 million dollar, Jahon bankidan – 150 million dollar, Osiyo taraqqiyot bankidan – 120 million dollar, Islom taraqqiyot banki va savdo-moliya korporatsiyasidan – 180 million dollar jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini qayd etish lozim.
Bunga qo‘shimcha ravishda davlat banklariga sof foydasidan 2 trillion so‘mni o‘zlarida qoldirish va kichik tadbirkorlarning loyihalari uchun yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi.
Xabaringiz bor, aprel oyida mikro moliyalash faoliyatiga kuchli turtki beradigan qonun qabul qildik. Lekin, afsuski, tadbirkorlikni rivojlantirishda hanuzgacha bu tizimning o‘rni sezilmayapti.
Markaziy bank raisi M.Nurmuratov eski tizimdan voz kechib, mikromoliyalash tashkilotlari rivojlanishiga to‘siqlarni olib tashlashi kerak. U Adliya vaziri R.Davletov bilan birga har uch oyda biznes vakillari bilan uchrashib, yangi qonunning amalda ishlashiga mas’ul va javobgar bo‘ladi.
Umuman, ikki oy muddatda mikromoliyalash tashkilotlariga qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish, ularning kreditlash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha alohida choralarni belgilab, yil yakuniga qadar keskin o‘zgarish qilish lozim.
Ikkinchidan, tijorat banklari o‘rta biznes loyihalari uchun xalqaro moliya bozorlaridan davlat kafolatisiz 700 million dollar mablag‘ jalb qiladi. Bunda 5 million dollargacha kreditlar o‘rta tadbirkorlarga 7 yildan kam bo‘lmagan muddatga 3 yilgacha imtiyozli davr bilan beriladi.
Shuningdek, tijorat banklari davlat resurs ajratishini kutib o‘tirmasdan, depozitlar hisobiga 20 trillion so‘mni jalb qiladi va qo‘shimcha kreditlarni berishga yo‘naltiradi.
Uchinchidan, hududlarda 109 nafar o‘rta biznes vakillari qiymati 4,6 milliard dollarlik 111 ta yirik loyihani amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqan. Bu orqali 45 mingta ish o‘rni yaratiladi.
bugungi uchrashuvda ushbu tashabbusni ilgari surgan biznes vakillarining ko‘plarini ko‘rib turibman. Ular o‘z hisobidan 1,6 milliard dollar hamda 1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etishga tayyor. Qolgan 2 milliard dollari uchun uzoq muddatli kreditlar zarur. Shu maqsadda Milliy bank, Sanoat qurilish banki va Ipotekabank ushbu mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha manzilli ishlaydi.
Tashabbus ko‘rsatib, ham o‘z faoliyatini kengaytirgan, ham boshqa korxonalarning o‘sishiga ko‘mak beradigan bunday tadbirkorlarni davlat har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev va investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitovga topshiriq: ushbu loyihalarning har biriga viloyat hokimlarining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, Hukumat va vazirliklardan mas’ullarni biriktirib, muammolarini har 15 kunda shaxsan muhokama qilib, yechimlar topib borsin. Har chorakda loyihalarning borishi bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
Bundan tashqari, moliya vaziri T.Ishmetov chetdan jalb qilinib, banklarga joylashtirilgan resurslarni tadbirkorlarga ajratish muddatlarini 2 barobar uzaytirsin. Ya’ni, kreditlar avvalgi 7 yil o‘rniga 14 yilgacha ajratiladi. Bunda Moliya vazirligi foiz stavkasini 14 foizdan, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha marjasini esa 0,25 foizdan oshirmaydi (hozirgi vaqtda 1 foizgacha).
To‘rtinchidan, kreditlashda asosiy muammolardan biri – garov ta’minotining yetishmasligi hisoblanadi.
Tahlillarga ko‘ra, banklarga murojaat qilgan tadbirkorlarning 16 foizida garov yetishmasligi sababli ularga kredit berish rad etilgan.
Shu bois Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan kafillik berish imkoniyatlari qo‘shimcha 2 barobar oshiriladi (hozirgi kunda 10 trillion so‘m).
Natijada kamida 15 ming nafar tadbirkorning biznes loyihalari uchun kredit olishdagi garov masalasi hal bo‘ladi. Tadbirkorlarimiz bundan ancha charchagan.
Kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, ochilgan akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov ta’minoti sifatida foydalanish vaqti keldi.
Markaziy bank (M.Nurmuratov) 1 oktyabrdan ushbu tizimni barcha banklarda joriy etishni ta’minlasin va barcha tijorat banklari rahbarlari bilan birga ushbu mexanizmlar to‘liq ishlab ketishiga mas’ul bo‘ladi.
Uchinchi yo‘nalish. Kredit berish, bu – masalaning bir tomoni. Biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerak.
Shu sababli, birinchidan, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib, biznes uchun alohida yondashuvlarni joriy etamiz. Masalan, Toshkent viloyatidagi Qibray tumani bilan Oqqo‘rg‘on tumani, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani bilan Olot tumanida biznesni boshlash va yuritish uchun sharoitlar mutlaqo har xil bo‘lsa-da, hamma talab va yondashuvlarimiz bir xil bo‘lib qolmoqda.
Shuning uchun kelgusi yildan shart-sharoiti bo‘yicha barcha tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratiladi. Ularda soliq, subsidiya, kredit foizlari uchun kompensatsiya va kafillik berish, infratuzilmaga ulash bo‘yicha alohida tartiblar belgilanadi.
Ikkinchidan, biznes uchun barcha sharoit va infratuzilmaga ega bo‘lgan zamonaviy sanoat zonalarini ko‘paytiramiz.
Oddiy misol, bundan 3 yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan Texnopark yiliga 300 million dollar mahsulot ishlab chiqarib, 120 million dollar eksport qilmoqda. Bunday texnoparklar barcha hududlarda bo‘lishi kerak. Shu bois har bir viloyatda 100 tadan korxona uchun yirik sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularga infratuzilma tarmog‘i davlat tomonidan olib kelinadi, biznes uchun ishlab chiqarish binolari tayyor holda taklif etiladi, ularni boshqarish uchun bu sohada malakali xorijiy kompaniyalar jalb qilinadi, Innovatsiyalar va injiniring markazi hamda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov va J.Xodjayev viloyat hokimlari bilan birga shu masalalar yuzasidan ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan har bir hudud bo‘yicha alohida dasturlarni tasdiqlab, amaliy ishlarni boshlasin.
Uchinchidan, o‘tgan yili qiymati 200 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan loyihalarni barcha infratuzilma tarmoqlariga ulashni davlat o‘z zimmasiga oldi.
Bu borada tadbirkorlarimizdan tushgan takliflardan kelib chiqib, yana bir imkoniyat yaratamiz. Ya’ni, bunday loyihalar bo‘yicha tadbirkorlar infratuzilmaga o‘z mablag‘ini sarflasa, ularning soliq bazasi shuncha summaga kamaytiriladi.
To‘rtinchidan, biz 2021 yil noyabr oyida yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha qonun qabul qildik.
Jarayon yaqinda boshlanganiga qaramasdan, hozirgi kungacha 10 mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
Tadbirkorlarimiz uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish bo‘yicha yana bir taklifim bor.
Xususiylashtirish uchun belgilangan yer solig‘ining 20 karrasi miqdoridagi to‘lov Toshkent shahri va viloyat markazlarida 10 karraga (ya’ni, 1 sotix uchun o‘rtacha 6 million so‘mga), boshqa hududlarda 5 karraga (1 million so‘m) pasaytiriladi.
Shu bilan birga, ko‘plab tadbirkorlarimizni qiynab kelgan yana bir masala – amaldagi tartib bo‘yicha yuridik shaxs tugatilganida, uning yerga bo‘lgan huquqi ham bekor qilinmoqda. (Bu tartib 1998 yilda o‘rnatilgan va o‘sha vaqtda yerning bozor qiymati bo‘lmagan).
Bundan buyon auksionda yer sotib olgan tadbirkor biror-bir sababga ko‘ra faoliyatini yakunlasa, uning yerga bo‘lgan huquqi albatta saqlanib qolishi shart.
Beshinchidan, tadbirkorlarimizning joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun yil yakuniga qadar qo‘shimcha 10 mingdan ortiq yer uchastkalari savdoga chiqariladi, auksionga chiqarish muddati amaldagi 80 kundan 30 kunga qisqartiriladi, chekka hududlarda yerlarni auksionga chiqarishda pasaytirilgan koeffitsiyentlar qo‘llaniladi, bo‘sh turgan ob’ektlarni auksion orqali ijaraga berish muddati amaldagi 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi.
To‘rtinchi yo‘nalish. Tadbirkorlarimizdan mulk huquqini himoya qilish masalasida 1 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Endi xususiy mulkka munosabat mutlaqo boshqacha bo‘ladi.
Birinchidan, bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning e’tiborini bir masalaga qaratmoqchiman – mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir amaliyot – tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yish.
Misol uchun, o‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trillion so‘m).
Endi har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi. O‘ylaymanki, shundagina adolat bo‘ladi.
Uchinchidan, tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilish imkoniyati kengaytiriladi. Bunda ularning ma’muriy sudlarga ariza berishida davlat boji stavkasi 2 barobar kamaytiriladi.
Davlat boji stavkasi da’vo miqdoriga qarab emas, balki qat’iy summada belgilanishi shart bo‘ladi (hozirgi vaqtda da’vo summasining 2 foizi miqdorida).
Tadbirkorlarning soliq idoralari qarori ustidan sudga shikoyat kiritish muddati hozirgi 1 oydan 3 yilga uzaytiriladi.
Tadbirkorning bankdagi hisob raqamidan mablag‘ini uning roziligisiz ko‘chirish yoki olib qo‘yish mumkin emas, ortiqcha undirilgan to‘lovlar o‘z vaqtida qaytarilishi shart. Ushbu talabni buzgan rahbarlar uchun qonun bilan ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritishni taklif qilaman. Bu taklif tadbirkorlarimizga ma’qul bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Beshinchi yo‘nalish – tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog‘liq.
Birinchidan, tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganida, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.
Kelgusi yildan 26 ta idoraning takrorlanuvchi nazorat funksiyalari bekor qilinadi.
Ikkinchidan, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning turi ko‘pligi va og‘irligi masalasi bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.
Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida. Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek, 3 milliondan 12 million so‘mgacha ma’muriy jarima solinadi. Ya’ni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.
Umuman, savdo sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarimizni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, ya’ni, savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.
Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerak.
Biznes-ombudsman (D.Qosimov), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Qudbiyev) ikki oy muddatda ushbu yengilliklar bo‘yicha qonun loyihasini kiritsin.
Uchinchidan, 1 noyabrdan har qanday tekshirishlar faqat va faqat Biznes-ombudsmanda yangi ishga tushiriladigan elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Barcha turdagi tekshiruvlar Biznes-ombudsman tomonidan muvofiqlashtirilishi kerak.
Umuman, adliya vaziri R.Davletov, Biznes-ombudsman D.Qosimov ikki oy muddatda tadbirkorlarning takliflarini chuqur o‘rganib, tekshiruvlarning muddatlarini qisqartirish, moliyaviy xato va kamchiliklarning minimal chegaraviy miqdorini belgilash, tekshiruv jarayonlaridan tadbirkorni xabardor qilish va shikoyatlarni ochiq-oshkora ko‘rib chiqish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqsin.
Shu bilan birga, 1 oktyabrdan boshlab soliq nizolarini hal qilish bo‘yicha Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasining qo‘shma Apellyatsiya kengashi tashkil qilinadi. Kengashga Auditorlar va Soliq maslahatchilari palatalari, Buxgalterlar assotsiatsiyasi vakillari, tadbirkorlarni ham kiritish kerak bo‘ladi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Bugun bildirilgan tashabbuslar ijrosini tashkil etish bo‘yicha ham yangi tizim, biznes bilan chinakam hamkorlikda ishlaydigan muhit shakllantirishimiz lozim. Buning uchun tuman va shahar markazlarida Tadbirkorlar xiyobonlarini tashkil etishni taklif qilaman.
Bu yerda tadbirkorlar, bank vakillari, investorlar uchun biznes loyihalarini muhokama qiladigan muhit paydo bo‘ladi, B2B, kovorkinglar uchun qulay sharoitlar, Wi-Fi zonalar bo‘lishi kerak. Tuman, shahar faol tadbirkorlarining erishgan natijalari yil davomida “Farovonlik bunyodkorlari” ko‘rgazmalarida namoyish etilsa, bilasizlarmi, ularning shijoati va kayfiyati qanday ko‘tariladi!
Shuningdek, o‘n nafar shogird tadbirkor tarbiyalagan biznes vakillariga alohida soliq imtiyozlarini joriy etamiz.
Haqiqatan ham, agar tadbirkor shogirdlar tayyorlasa, ular o‘z biznesini boshlab, ish o‘rinlari yaratsa, biz bergan soliq imtiyozi o‘n karra bo‘lib qaytadi.
Shu o‘rinda yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bizda quruvchi, madaniyat, ta’lim kabi soha vakillari uchun faxriy unvonlar mavjud. Lekin, Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishga eng katta hissa qo‘shib kelayotgan zahmatkash tadbirkorlarning bu borada e’tibordan chetda qolgani – adolatdan emas.
Shu bois ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, biznesning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro‘ topgan biznes vakillarini munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etishni taklif qilaman.
Endi Savdo-sanoat palatasining ish faoliyati ham tubdan o‘zgaradi. Avvalambor, Palataning hududiy bo‘linmalari faoliyatini jonlantirish lozim.
Bundan buyon ular tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan amalda shug‘ullanadi. Shuningdek, ular har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida biznesga o‘qitish maktablarini tashkil qiladi. Shu bilan birga, ularga hokimlar va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi. Ayni vaqtda mahalliy kengashlar va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni o‘tkazadi.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining o‘ziga ham Hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish, tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari beriladi.
Savdo-sanoat palatasi Hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi. Ya’ni, Palata bundan buyon tadbirkorlar manfaatining chinakam himoyachisiga aylanadi.
Barcha tadbirkorlarni keng qamrab olish maqsadida kichik va o‘rta tadbirkorlar Palataga a’zolik badali to‘lashdan butunlay ozod etiladi. Buning o‘rniga Palataga har yili byudjetdan mablag‘lar ajratamiz.
Shu bilan birga, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha barcha vakolatlarni berganmiz. Endi uning ham ish tizimi o‘zgaradi.
Biznes-ombudsman ochiq muloqot yoki boshqa Prezident tadbirini kutmasdan, 1 yanvardan tadbirkorlar murojaatlarini 24 soat qabul qiladigan kraud-sorsing platformasi – Tadbirkor virtual ofisini ishga tushiradi.
Ushbu tizim orqali Biznes-ombudsman tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qiladi, ijrosini nazorat qiladi va tadbirkorlar huquqlarini buzganlarni jazolaydi.
Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.
Prezident Administratsiyasi rahbari S.Umurzoqov ikki hafta muddatda ushbu Kengash ishini tashkil etsin.
Hurmatli ochiq muloqot ishtirokchilari!
Bugun sizlar bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid ko‘pgina masalalarni muhokama qilib, ularning yechimi bo‘yicha vazifalarni belgilab oldik.
Albatta, ularni amalga oshirish uchun barchamiz birgalikda hali ko‘p ishlashimiz kerak. Ayniqsa, siz, hurmatli biznes hamjamiyati vakillaridan bundan-da faol, tashabbuskor bo‘lish, joylarda mahalliy hokimliklar, tegishli davlat organlari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish talab qilinadi.
O‘zgarishlar hech qachon oson kechmaydi, buni hammamiz yaxshi tushunamiz. Lekin, Yangi O‘zbekistonni barpo etish ushbu mashaqqatlarga arziydi.
Ishonchim komil, yetarli bilim va tajribaga ega, azmu shijoatli tadbirkorlarimiz ushbu soha oldida turgan vazifalarni samarali bajarishda bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadilar.
Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida g‘oyat muhim va hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, innovatsion fikr va yondashuvingiz bugun har qachongidan ham muhim va bu borada sizlar barcha soha vakillariga o‘rnak bo‘lishingizga ishonaman.
Siz, azizlarni Tadbirkorlar kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar, oilangizga baxt, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling!