O‘zbekiston milliy bog‘i yangi qiyofada ochildi
O‘zbekiston milliy bog‘i yangi qiyofada ochildi
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston milliy bog‘ida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Bu bog‘ni xalqimiz yaxshi biladi. U 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan, ko‘p yillar aholining eng sevimli maskani bo‘lgan. Keyingi vaqtlarda bog‘ hududida qurilishlar bo‘ldi - Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasi binosi, Toshkent shahar tarixi muzeyi, “Magic sity” ko‘ngilochar markazi barpo etildi.
Prezidentimiz bu bog‘ning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda milliy an’analarimizga xos muhit yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.
Shu asosida 14 gektardan ziyod hududda katta ishlar bajarildi. Ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilandi. Jami maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan ko‘l tiklandi. Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizildi. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda nuroniylar, adabiyot va san’at namoyandalari bilan ham suhbatlashdi. Ularni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu bog‘ning ahamiyati haqida gapirdi.
- Bugun shaharlarimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar yaxshi. Lekin qadriyatlarimizni e’zozlash, xotira ham kerak. Ilgari bu bog‘ Toshkentning eng mashhur joyi bo‘lgan, o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan. Odamlar bu yerga kelib sayr qilgan, ijodkorlar tabiatdan zavq, ilhom olgan. Talabalar, yoshlarning eng zavqli damlari shu yerda o‘tardi. Bu tarixni hozirgi kun bilan hamohang qilishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Milliy bog‘da mazmunli dam olish uchun hamma sharoitlar yaratilgan. Oila yoki do‘stlar davrasida sayr qilish, ovqatlanish, shaxmat-shashka va tennis o‘ynash, velosiped haydash mumkin.
- Hammamiz o‘sha mashhur kinolarimizdagi “Go‘zal Toshkent” kabi kuy-qo‘shiqlarni, hofizlarimiz ijro etgan ashulalarni yaxshi bilamiz, ular qalbimizdan chuqur joy olgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Shuning uchun bu bog‘da ana shunday taronalar doimo yangrab turishiga e’tibor berdik. O‘ylaymanki, bu yerda avvalgidek mushoiralar, konsertlar o‘tkazish, yana kinolar olish maqsadga muvofiq. Bular bog‘imizni yanada fayzli va tarovatli qiladi.
Nuroniylar bog‘ qayta ochilib, so‘lim maskanga aylantirilgani uchun xursandligini bildirdi.