TIVda vazirlik markaziy apparati va xorijdagi diplomatiya vakolatxonalar faoliyatiga zamonaviy IT-texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
TIVda vazirlik markaziy apparati va xorijdagi diplomatiya vakolatxonalar faoliyatiga zamonaviy IT-texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
TOSHKENT, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bir guruh yosh mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Mehroj Rashidov, «AI com» kompaniyasi rahbari Ulug‘bek Ismatov, «Tass vision» asoschisi Shaxzod Umirzakov, “GPTuzAI” kompaniyasi direktori Rozmat Safarov va boshqalar ishtirok etdi.
Soha vakillari o‘z faoliyati haqida maʼlumotlarni taqdim etib, loyihalar taqdimotini o‘tkazdilar.
Interaktiv muloqot davomida TIV markaziy apparati va xorijiydagi diplomatik muassasalar faoliyatiga zamonaviy IT texnologiyalarni joriy etish, diplomatiya sohasida, ayniqsa konsullik-huquqiy xizmatlar ko‘rsatishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, “Big Data”ni saqlash va qayta ishlash, AKT sohasidagi xalqaro hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shma IT platforma yaratish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi. Mazkur platformaning asosiy maqsadi o‘zaro fikr va tajriba almashish, shuningdek raqamlashtirish sohasida aniq amaliy takliflarni ishlab chiqishdan iboratdir.