Eng muhim va hal qiluvchi omil, bu demokratik islohotlar yo‘lidir.
Eng muhim va hal qiluvchi omil, bu demokratik islohotlar yo‘lidir...
Qurilishga yarasha burilish bo‘lishi maqsadga muvofiq. Qurilish moddiylik ma’nosida bo‘lsa, burilish ongu tafakkurdagi evrilishdir. Yangi O‘zbekiston va Uchinchi renessans tushunchalarida ana shu har ikkala asosning mohiyati mavjud. Demak, tabiiyki, bu bunyodkorlikning o‘ziga xos sharti va mezonlari bo‘lishi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o‘zlarining tabrik nutqida Prezidentimiz buning javobini shunday keltirdilar.
«Eng muhim va hal qiluvchi omil, – bu demokratik islohotlar yo‘lidir... Yangi O‘zbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz».
Demak, ochiqlik va oshkoralik asosida olib boriladigan siyosat va islohotlar hamda yoshlarning intellektual qobiliyati va yaratuvchanlik salohiyati istiqbolning ham, istiqlol va iqbolimizning ham mazmun-mohiyatini belgilaydi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonning «qalbu qiyofati» haqida so‘z yuritib, u har bir fuqaroning hayotini yaxshilash, davlat xizmatlaridan foydalanish, odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirib birgalikda harakat qilishlari uchun sharoitlar yaratish, adolatni so‘zsiz ta’minlash, qonun oldida teng bo‘lish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishni maqsad qiladigan davlat ekanini e’tirof etdi. Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat tushunilishini uqtirdi.
Prezidentning tabrik nutqi da’vatkor nutq sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi. Rejasiz ish qolipsiz g‘isht ekanini bilamiz. Shunday ekan, aniq maqsad va rejalarni belgilab olish muhim masaladir. Hayotga yo‘llanma va taraqqiyotga qo‘llanma 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi vazifalar ekani ma’lum. Buning uchun birinchi darajali vazifa, bu ta’lim tizimi masalasidir. Mamlakatning ertasi xuddi shunga bog‘liq. Yaponiya, Koreya, Singapur tajribasi bunga yaqqol misoldir. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim sohasida zamonaviy bilim va uning ro‘yobini ta’minlaydigan o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan yangilashni taqozo qiladi. Shundagina Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib yetishadi. Prezident qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ham e’tirof etdi.
Muammolarning yechimi bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanib ketgan vazifalar zanjirini his etish va hal qilishdan iborat. Bu esa adolat va haqiqatning barqaror bo‘lishi, ya’ni odil sud tizimini mustahkamlash bilan bog‘liq. Sifatli ta’lim, malakali tibbiyot, farovon hayot bevosita tadbirkorlikka bo‘lgan e’tibor dunyo tajribasidan ma’lum. Biznesni rivojlantirish quyidagi masalalarga yechim bo‘ladi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirish masalasi ham muhim.
Xalqimizning sog‘lom hayot tarzi ko‘p jihatdan aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga bog‘liqligi ham Prezident nutqida alohida ta’kidlandi. Oldimizdagi maqsadlar, marralarga yetish, va yutuqlarning garovi ko‘pmillatli el-yurtimizdagi birdamlik va bahamjihatlikka bog‘liqligini hayotning o‘zi namoyon etmoqda.
Demak, davr muammolariga javob sog‘lom aql, teran tafakkur, bunyodkorlik, yaratuvchanlik tuyg‘usi va o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalari bilan ish tutishda. Mustaqilligimizning shonli 31 yilligini nishonlash arafasidagi Prezidentimiz nutqini istiqbolni, xalqimiz iqbolini o‘ylagan da’vat rahbarining da’vati va samimiy istaklari sifatida anglash va qabul qilish joizdir.
Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti dotsenti