O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqi oliy vakili bilan uchrashdi
O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqi oliy vakili bilan uchrashdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya bugun Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Josep Borrel bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, muloqotda O‘zbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari, ularni yana-da faollashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy, huquqiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, ayniqsa, ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikning institutsional mexanizmlaridan samarali foydalanish orqali o‘zaro aloqalarni yana-da kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Tomonlar shu yil 6 iyul kuni Bryusselda rasmiy imzolashdan oldin rozilik bildirilgan (parafirlangan) Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini olqishladilar.
Yevropa tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, mintaqada do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga puxta va sifatli tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari joriy yilning 17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida, shuningdek, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik: Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” konferensiyasida shaxsan ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakiliga O‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuniga kiritilayotgan “Inson – jamiyat – davlat” asosiy tamoyili hamda “Inson shaʼni va qadri” g‘oyasini targ‘ib etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarning mohiyati hamda mazmuni haqida batafsil maʼlumot berildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar, birinchi navbatda, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgani, bunda inson huquq va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanishi taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.