Tashqi ishlar vazirligida faxriy diplomatlar taqdirlandi
Tashqi ishlar vazirligida faxriy diplomatlar taqdirlandi
TOSHKENT, 1-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Tashqi ishlar vazirligida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda vazirlik xodimlari, yoshlar hamda tizimda uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriy diplomatlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov davlatimiz tashqi siyosatini har tomonlama shakllantirishga, uning ustuvor yo‘nalishlari, maqsad va vazifalarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan tajribali diplomatlar – Favqulodda va muxtor elchilarni bayram bilan tabrikladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda TIV tizimida “Ustoz-shogird” anʼanalari samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yosh kadrlarni tarbiyalash, ularga diplomatiya ko‘nikmalarini shakllantirishda qo‘l kelmoqda.
Tadbirda tizimda uzoq yillar faol ishlab, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan faxriy diplomatlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Ergash Shoismatov «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot o‘z egasiga topshirildi.