O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
AL-KUVAYT, 5-oktabr. / “Dunyo” AA/. Shu kunlarda Kuvaytda qitʼaning 16 ta kuchli jamoalari ishtirokida futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi – 2022 musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli turnirda O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“B” guruhida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz Turkmaniston (8-0), Tojikiston (3-2) va Bahrayn (6-1) jamoalari ustidan ishonchli g‘alabalarga erishib, yuz foiz natija qayd etgan holda ushbu bosqichda mutlaq natijaga erishdi.
Chorak final bosqichida O‘zbekiston futzalchilari mezbon mamlakat - Kuvayt jamoasi ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvda sportchilarimiz Yaponiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Bugun O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari sharafiga mamlakatimizning Al-Kuvaytdagi elchixonasida qabul marosimi tashkil etildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan elchi Bahromjon Aʼloyev futzalchilarimizni nufuzli xalqaro musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan samimiy tabriklab, ularga navbatdagi o‘yinlarda ham g‘alabalar tiladi.
Tadbirda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan so‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi. Yuksak darajadagi eʼtibor O‘zbekiston vakillarining sportning turli yo‘nalishlarida, xususan, boks, dzyudo, kikboksing, kurash, og‘ir atletika, shaxmat, futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqalarda erishayotgan katta yutuqlariga asos bo‘layotgani qayd etildi.
Futzalchilarimiz qo‘lga kiritayotgan bugungi yutuqlar o‘zbek yoshlari uchun eng yaxshi namuna bo‘lib, ularni ham Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida yangi marralarga erishishga chorlashiga ishonch bildirildi.