Senatning navbatdagi yalpi majlisi 7 oktyabr kuni chaqiriladi
Senatning navbatdagi yalpi majlisi 7 oktyabr kuni chaqiriladi
Kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida parlament yuqori palatasining 33-yalpi majlisini 7 oktyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Senatning axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, navbatdagi majlisda «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda «Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi va «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini muhokama qiladilar.
Shuningdek, yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham tinglanadi.
Senatorlar tomonidan iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlari ijrosi hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash va zamonaviy innovatsiya texnologiyalarini keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovining natijalari ham muhokama qilinadi.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.