Jahon chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Jahon chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizdagi muhtasham «Humo Arena» sport majmuasida mamlakatimizda ilk bor dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan tarixiy Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, Xalqaro olipiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari, xalqaro sport federatsiyalarining rahbarlari ishtirokida o‘tgan tantanalar davomida xalqimizning betakror san’ati, milliy madaniyatimizning nodir durdonalari ijro etildi. Bu jarayonlar jahonning bir qator telekanallari, ijtimoiy tarmoqlari orqali dunyo ahliga Yangi O‘zbekistonning yangi yutuqlari sifatida namoyish qilindi.
35-jahon chempionati ochilish marosimi tantanalarida keng va yorug‘, turfa ranglar va bezaklar jilosi bilan bezatilgan maydonga Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘ini uch karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, ikki bor jahon chempioni maqomiga erishgan iste’dodli sportchimiz Rishod Sobirov yetakchiligidagi sportchilar olib kirishdi. Olqishlar, milliy musiqa sadolari yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Jahon chempionati shu paytgacha o‘tgan chempionatlardan har jihatdan yuqori saviyada tashkil etilayotganligi, bu - O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan xalqaro darajadagi yangilanish, yuksalish tamoyillarining yorqin ifodasi ekanligini e’tirof etib, jahon dzyudo oilasiga Toshkentdan salom yo‘llayotganligidan iftixorda ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 35-jahon chempionatining yurtimizda o‘tkazilishi jismoniy tarbiya va sport sohasida, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli taraqqiyot strategiyasining muhim bo‘g‘ini ekanligini ta’kidlab, nufuzli musobaqani rasman ochiq, deb e’lon qildi.
Tantanaga yig‘ilgan sportchilar, keng jamoatchilik vakillari, tomoshabinlar jo‘rligida O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Tadbir bayramona kuy-qo‘shiqlar, milliy san’atimizning jozibali raqslari, yosh ijrochilarning dilbar ijrolari bilan davom etdi.