Prezident dzyudo bahslarini kuzatdi
Prezident dzyudo bahslarini kuzatdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni “Humo Arena” sport saroyiga tashrif buyurib, dzyudo bo‘yicha jahon chempionati bellashuvlarini tomosha qildi.
Ma’lumki, bu nufuzi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlaridan keyingi o‘rinda turadigan muhim musobaqadir. Yurtimizda birinchi marta o‘tayotgan mazkur chempionatda 82 ta mamlakatdan 571 nafar dzyudochi ishtirok etmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 18 nafar yigit-qiz kurashmoqda.
Davlatimiz rahbari erkaklar o‘rtasida 90 kilogramgacha bo‘lgan vazn toifasidagi final bellashuvini kuzatdi. Qizg‘in va teng kurashlar ostida o‘tgan bahsda yurtdoshimiz Davlat Bobonov italiyalik raqibi Kristian Parlatini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu mamlakatimiz dzyudosi tarixida yana bir katta muvaffaqiyat bo‘ldi.
G‘olib Davlat Bobonov (oltin) va sovrindorlar Kristian Parlati (kumush), gruziyalik Lasha Bekauri va Luka Maysuradzega (bronza) medallarni Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirdi.
Musobaqaning keyingi kunlarida yana to‘rt nafar sportchimiz gilamga chiqadi. Jahon chempionati 13 oktyabr kuni yakunlanadi.