“Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi” – Prezident
“Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi” – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish qamrovini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, jumladan, elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha ham maqsadlar belgilangan. Shu yil 14 fevralda o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari bu haqda aniq ko‘rsatmalar bergan edi.
Taqdimotda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari bu borada xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlar, o‘zlashtirilishi kutilayotgan modellar haqida axborot berdi. Elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
– Elektromobillar kundalik hayotimizga jadal kirib boryapti. Import oshyapti. Nima uchun? Chunki talab bor. Bunday mashinalarning xarajati kam. Eng muhimi, odamlarimiz shuni ma’qul ko‘ryapti. Shunday ekan, xalqimizga zamonaviy elektromobillar yetkazib berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haqiqatan ham, elektromobillarning yurish xarajati oddiy avtomobilga nisbatan 10 baravar, tabiatga zarari esa 3 baravar kam. Rivojlangan mamlakatlarda bunday transportlardan foydalanish ko‘paymoqda. Albatta, buning uchun katta infratuzilma kerak.
Masalan, dunyoda har 20 ta elektromobilga bitta quvvatlash stansiyasi to‘g‘ri keladi. Yurtimizda esa bunday joylar atigi 50 ta bo‘lib, asosan Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan. Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish markazlari yo‘q.
– Har bir qarorimizda bir yillik emas, o‘n yilliklarni ko‘zlashimiz kerak. Ekologiyani inobatga olib, kelajakni inobatga olib, bu tarmoqni hozirdan rivojlantirishimiz zarur. Buni qancha tez qilsak, avtomobil bozorida raqobat paydo bo‘ladi. Boshqa elektromobil kompaniyalari ham keladi, – dedi Prezident.
Shu bois, sohada tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil qilib, ommabop elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari elektrombillarning narxi arzon bo‘lishi kerakligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu esa butlovchi qismlarning mahalliylashtirilganlik darajasiga bog‘liq.
Misol uchun, elektromobil tannarxining 30 foizini akkumulyator, 10 foizini elektr o‘tkazgichlar tashkil qiladi. Yurtimiz zaminidagi litiy, mis, grafit kabi xomashyo zaxiralaridan foydalanib, bunday qismlarni bemalol o‘zimizda ishlab chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mahalliy elektromobil xaridi uchun olingan kredit foizining bir qismi qoplab berilishi belgilandi.
bugungi kunda Toshkent shahrida 20 ta elektrobus harakatlanmoqda. Kelgusi yilda poytaxtimizga yana 200 ta, Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelish rejalashtirilgan. Bunday transportlarni boshqa shaharlarda ham yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Elektromobillarga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Kelgusi ikki yilda joylarda ikki mingta quvvatlash stansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu stansiyalarga ham yer, mulk va foyda solig‘idan imtiyoz qo‘llaniladi. Tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalari orqali elektrni erkin narxda sotish huquqi beriladi.
Bu tarmoqqa ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash muhimligi ham ta’kidlandi. Turin politexnika universitetida elektromobillar bo‘yicha ilmiy laboratoriya tashkil etilishi, professor-o‘qituvchi va mutaxassislar Xitoy, Germaniya, AQSH, Koreya kabi davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi aytildi.