Senat qo‘mitasida O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni, O‘mon, Quvayt va Isroildagi elchilarining hisobotlari tinglandi
Senat qo‘mitasida O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni, O‘mon, Quvayt va Isroildagi elchilarining hisobotlari tinglandi
Kecha Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni, O‘mon, Quvayt va Isroildagi elchilarining hisobotlari tinglandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, eksportni kengaytirish va respublika hududlariga turistlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan aniq loyihalar, ularni ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Ochiq muhokamada diplomatik missiyalarning keng ko‘lamli masalalari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqilib, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berildi. Elchixonalar tashabbusi bilan boshlangan mamlakatimiz hududlaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Majlis doirasida senatorlar neft va gaz qazib olish, neft-kimyo, agrobiotexnologiya, farmatsevtika va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning barcha imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish zarurligini taʼkidladi.
O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga ular faoliyati samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.