O‘zbekiston TIV rahbari Dushanbe shahrida YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi
O‘zbekiston TIV rahbari Dushanbe shahrida YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi
Dushanbe shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bilan investitsiya, savdo, fan-taʼlim, ekologiya, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yana-da mustahkamlash va rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yilning 6 iyulida parafirlash (dastlabki imzolash) marosimi bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning (KSHHTB) tez fursatlarda imzolanishi zarurligi to‘g‘risida yakdillik bildirdilar. Ushbu keng qamrovli hujjat O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Turli daraja va shakllarda rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, 2022 yil 17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «YEI – Markaziy Osiyo» formatidagi vazirlar yig‘ilishi va Barqaror rivojlanish uchun «Global darvoza» mavzusidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiyaning tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida YEI mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 3,13 milliard AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foizga o‘sgani kuzatildi. Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro siyosatning ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.