O‘zbekiston Prezidenti: Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlandi va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus oldi
O‘zbekiston Prezidenti: Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlandi va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus oldi
Ashxobodda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va u orqali qardosh turkman xalqiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Turkmanistonda Serdar Berdimuhamedovning rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat tufayli davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan katta yutuqlardan O‘zbekiston chin dildan xursand ekani taʼkidlandi.
Ushbu yangilanishlarning asoschisi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ekani alohida qayd etildi.
Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olgani taʼkidlandi.
Bugungi muzokaralar yakunida ham ikki tomonlama formatda, ham xalqaro maydonda yana-da yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.
- Turkmaniston bilan sheriklikni yana-da mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi, - dedi davlatimiz rahbari.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida ishga solishning keng imkoniyatlaridan foydalanish va samarali mexanizmlarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishni O‘zbekiston-Turkmaniston sherikligining asosi sifatida belgilab oldilar.
Shuningdek, bugun zamonaviy infratuzilmaga ega Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi boshlanadi.
- Bu tovar ayirboshlashning oshishi, biznes aloqalarining kengayishi, mamlakatlarimiz hududlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish orqali kooperatsiya aloqalarini faol rivojlantirishga kelishib olindi.
Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yana-da kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
- Madaniy-gumanitar aloqalar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlikning tamal toshi, asosi bo‘lib kelgan, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Davlatlarimizning xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan pozitsiyalari mushtarak ekani qayd etildi.
BMT, YEXHT, MDH, SHHT, TDT, OQXF va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.
- Biz Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldik, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari Afg‘onistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan saʼy-harakatlarni kengaytirishga ahdlashib oldilar.
O‘z bayonotining yakunida Shavkat Mirziyoyev sermahsul muzokaralarning natijalari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.