Samarqandda sayyohlik anjumani bo‘lib o‘tmoqda
Samarqandda sayyohlik anjumani bo‘lib o‘tmoqda
Samarqandda Discovering Uzbekistan II sayyohlik anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, xalqaro aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar vakillari, horijiy diplomatlar, jurnalist va blogerlar ishtirok etmoqda.
Uzbekistan Airports kompaniyasi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Tashqi ishlar, Transport vazirliklari va Sarmarqand turizm markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida sayyohlik va aviatsiya sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, mamlakatimizning o‘ziga xos sayyohlik maskanlarining taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Aviatsiya tarmog‘i mutaxassislari O‘zbekiston aeroportlarining imkoniyatlari va aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha kelgusi rejalar bilan tanishtiradi. Shuningdek, yangi Silk Avia hududiy aviakompaniyasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
– O‘zbekiston boy tarixiy merosga, rang-barang tabiat va qulay geografik joylashuvga ega mamlakatdir, - deydi Uzbekistan Airports kompaniyasining boshqaruv raisi vakili Rano Jo‘rayeva. – Bu ajoyib diyor butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb qiladi. Turizmni rivojlantirish aviaparvozlarni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Sayyohlik mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi aviakompaniyalarning qiziqishini oshirmoqda. Maqsadimiz sayyohlar va yangi aviatashuvchilarni jalb qilish, yangi yo‘nalishlarni ochish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish va shu orqali mamlakatimiz aeroportlarini ham rivojlantirishdan iborat.