Samarqand shahri MDH Parlamentlararo Assambleyasining sessiyasiga mezbonlik qiladi
Samarqand shahri MDH Parlamentlararo Assambleyasining sessiyasiga mezbonlik qiladi
Joriy yil 27-28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasining sessiyasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda MDH PA ishtirokchi davlatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va aʼzolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim va ekspertlar ishtirok etadi.
27 oktyabr kuni Assambleyaning madaniyat, axborot, turizm va sport bo‘yicha, agrar siyosat, tabiiy resurslar va ekologiya bo‘yicha hamda siyosiy masalalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha doimiy komissiyalarining majlislari bo‘lib o‘tadi.
Shu kunning o‘zida Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlarining yosh aʼzolari MDH ishtirokchi davlatlari Yoshlar parlamentlararo assambleyasi majlisiga yig‘iladi. Shuningdek, MDH PA Kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi. Parlament delegatsiyalari rahbarlari hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qiladi, 2022 yilda o‘tkazilgan tadbirlar yakunlarini sarhisob qiladi, MDH makonidagi saylov kampaniyalari monitoringi to‘g‘risidagi axborotni eshitadi.
28 oktyabr kuni MDH PAning 54-yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Parlament aʼzolari saylov mavzusidagi ko‘plab namunaviy qonunlarni ko‘rib chiqishi rejalashtirilgan. Shuningdek, deputatlar va senatorlarga bir qator boshqa qonun loyihalari ham taqdim etiladi, ulardan keyinchalik Hamdo‘stlik mamlakatlarining milliy qonunchiligida foydalanish mumkin.
Sessiyaning asosiy tadbirlari arafasida 25 oktyabr kuni MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik Ekspertlar kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.