O‘zbekiston – YI: Istiqbolli hamkorlikning yangi ufqlari
O‘zbekiston – YI: Istiqbolli hamkorlikning yangi ufqlari
Joriy yil 27 oktabr kuni Ostonada Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammiti bo‘lib o‘tadi, 27-28 oktabr kunlari esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Yevropa kengashi Yevropa Ittifoqiga (YI) a’zo davlatlarning davlat va hukumat rahbarlaridan iborat Yevropa Ittifoqining oliy siyosiy organi hisoblanadi.
Yevropa hamjamiyatlari bilan o‘zaro aloqalar 1992 yil 15 aprel kuni O‘zbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqi komissiyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolanishi bilan boshlangan edi. 1994 yil 16 noyabr kuni tomonlar o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.
So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani holda ko‘p qirrali xususiyatni kasb etdi. Barcha darajalarda yaqin o‘zaro aloqalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlagani O‘zbekiston-Yevropa munosabatlaridagi ulkan muvaffaqiyat bo‘ldi. Bryusselda 6 iyul kuni dastlabki darajada tasdiqlangan ushbu keng qamrovli hujjat ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, 2017-2021 yillarda respublikani rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining tegishli yo‘nalishlarining hayotga tadbiq etilishi natijalari ko‘p jihatdan Yevropa Ittifoqi bilan serqirra muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
O‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga “GSP+” tizimi benefitsiari maqomining berilishi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu voqea O‘zbekistonning inson huquqlari va barqaror rivojlanish sohasida olgan majburiyatlarini bajarishda erishgan muvaffaqiyatlari Yevropa Ittifoqi tomonidan e’tirof etilganining tasdig‘i bo‘ldi. Ushbu maqomning olingani tufayli Yevropa Ittifoqi davlatlariga O‘zbekiston eksportining hajmlari sezilarli darajada ko‘paymoqda.
Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati bilan savdoda eng qulay sharoit yaratish rejimi o‘rnatilganligini ham ta’kidlash muhimdir. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik izchillik bilan o‘sib bormoqda. Xususan, pandemiyaga qaramasdan o‘tgan yili tovar aylanmasi 20 foizga oshgani holda 4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida tovar aylanmasi 3 milliard dollardan oshib, o‘sish hajmi 14,8 foizni tashkil qildi. Tomonlarning ulkan salohiyatini inobatga olgan holda yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining sarmoyalari ishtirokida 1 ming 52 ta korxona, shu jumladan, 100 foiz Yevropa kapitali asosidagi 304 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yevropa Ittifoqining 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan beg‘araz yordam bo‘yicha ko‘p yillik indikativ dasturi doirasida O‘zbekistonga qishloq hududlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan milliy loyihalarni amalga oshirish uchun 168 million yevro ajratildi. Mazkur budjet doirasida 2,5 million yevro miqdoridagi “Paxtachilik jabhasini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish nihoyasiga yetkazildi. Qishloq va suv xo‘jaligi, chorvachilik, qattiq chiqindilarni boshqarish va boshqa sohalarda 153,8 million yevro miqdoridagi 10 ta loyiha va dastur hayotga tadbiq etilmoqda.
2021-2024 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy va texnikaviy ko‘mak dasturlari doirasida Yevropa Ittifoqi ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish uchun 83 million yevro, shu jumladan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 million yevro ajratdi. Yevropa Ittifoqi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondiga 5,2 million yevro mablag‘ miqdoridagi mablag‘ni yo‘naltirdi.
Barcha darajadagi samarali muloqotni rivojlantirishga diplomatiya vakolatxonalari – 1995 yildan buyon faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasi va 2011 yildan buyon Toshkentda faoliyat yuritayotgan Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi muhim hissa qo‘shmoqda.
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning tinch, demokratik va iqtisodiy farovon bo‘lishidan manfaatdordir. 2005 yil iyul oyida YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etildi, bu esa YI tomonidan mintaqaning o‘sib borayotgan salohiyatiga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir. 2019 yilda qabul qilingan YIning mintaqa bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiyasi ushbu maqsadlarga erishishda mintaqa davlatlari bilan faol hamkorlik qilish, shuningdek, o‘z mamlakatlarida tinchlik va farovonlikni ta’minlashga hissa qo‘shishga qaratilgan. Hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlarga asoslanadi.
O‘zbekiston «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» mintaqalararo hamkorlik formatida faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, formatdagi tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari uchrashuvlariga muntazam mezbonlik qilmoqda. 2013 yildan beri har yili «YI-MO» siyosat va xavfsizlik bo‘yicha yuqori darajadagi muloqoti ham o‘tkazib kelinmoqda.
Parlamentarizm sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanayapti. Bu yo‘nalishdagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash maqsadida 1999 yil «O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasi tashkil etildi va u Oliy Majlis hamda Yevroparlament hamkorligining, xususan, O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarini faollashtirishning ham muhim mexanizmi hisoblanadi. «O‘zbekiston-YI» parlament hamkorligi qo‘mitasi mamlakatimizning turli darajadagi tashabbuslarini Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqida ilgari surishda ko‘mak ko‘rsatadi. Qo‘mita vositasida Yevropa parlamenti deputatlari O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor bo‘lmoqda. Shuningdek, qo‘mita O‘zbekiston parlamenti va Yevroparlament tomonidan tashkil etiladigan turli xalqaro tadbirlarning o‘tkazilishida ko‘maklashib kelmoqda.
2021 yil aprel oyida Yevroparlamentda «Yevropa Ittifoqi–O‘zbekiston» do‘stlik guruhi tashkil etildi. Guruh ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotir. O‘zaro munosabatlar tarixida Yevroparlament ilk marta 2021 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga o‘z kuzatuvchilarini yubordi.
O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi qo‘shma organlari – Hamkorlik kengashi, Hamkorlik qo‘mitasi, Savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mita, Taraqqiyot bo‘yicha hamkorlik kichik qo‘mitasi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi 15 ta hujjatdan iborat. Ularni Sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (1999 yil), Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (2004 yil), Energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi (2011), To‘qimachilik mahsulotlarining ikki tomonlama savdosi to‘g‘risidagi bitim (2017) va boshqalar tashkil qiladi.
Madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
25 yil davomida YI bilan birgalikda O‘zbekistonning 55 ta oliy ta’lim muassasasi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning 71 ta universiteti ishtirokida «Tempus» ta’lim dasturining 30 million yevrodan ziyod miqdordagi 80 dan ortiq loyihasi amalga oshirildi. 2014 yildan buyon «Erazmus+» ta’lim dasturi doirasida oliy ta’lim salohiyatini oshirishga qaratilgan budjeti qariyb 40 million yevro bo‘lgan 40 dan ortiq loyiha hayotga tadbiq etildi. Ularda O‘zbekistonning 70 ga yaqin universitetlari, 20 dan ortiq tarmoq boshqarma va tashkilotlari, shuningdek, 120 ga yaqin Yevropa universitetlari qatnashdi.
Bundan tashqari, mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlik doirasida O‘zbekiston va YI o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ta’lim, qonun ustuvorligi, chegaralarni boshqarish, giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
2013 yildan buyon YIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda har yili Toshkent shahrida Yevropa kinofestivalini tashkil etib kelmoqda. So‘nggi yillar ushbu loyiha O‘zbekistondagi eng ko‘zga ko‘ringan va yirik madaniy loyihalardan biriga aylandi.
2016 yildan boshlab festival o‘z jo‘g‘rofiyasini kengaytirdi va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham o‘tkazila boshlandi. Xususan, festival 2017 yilda Navoiy va Nukusda, 2018 yilda Shahrisabz va Farg‘onada, 2019 yilda Urganch, Nukus va Jizzaxda tashkil etildi.
Joriy yil noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklidagi o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha vazirlar konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Albatta, ushbu tashabbus, shuningdek, bo‘lajak «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» sammiti, Yevropa kengashi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi hamda «YI – MO» vazirlar yig‘ilishi yakunlari savdo, sarmoya, transport, energetika, raqamlashtirish va boshqa istiqbolli sohalarda o‘zaro hamkorlikda amalga oshiraladigan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga ko‘maklashadi.