Kuvayt ayollari uyushmasi faollari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi
Kuvayt ayollari uyushmasi faollari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi
AL-KUVAYT. Mamlakatimiz elchixonasida Kuvayt ayollari uyushmasi faollari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot uyushtirildi. Unda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xalq farovonligi va ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida xorijiy davlatlarda mamlakatimizga bo‘lgan e’tibor va qiziqish tabora orttib borayotgani ta’kidlandi. Respublikamizga safar qilib, boy tariximiz, tinch, totuv va farovon yashayotgan xalqimiz hayoti bilan yaqindan tanishish istagida bo‘lgan xorijliklar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga kelayotgan sayohatchilarga yaratilayotgan qator qulayliklar esa turizm sohasini rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, Kuvayt va Qatar fuqarolari uchun respublikamizga 10 kun muddatgacha vizasiz kirish rejimi joriy etilgani, «Kuvayt-Toshkent-Kuvayt», «Kuvayt-Namangan-Kuvayt» yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ushbu davlatlardan keluvchi sayyohlar sonini oshishiga asos bo‘lmoqda.
Kuvaytlik sayyohlar O‘zbekistonning dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan tarixiy shaharlarini ziyorat qilish bilan bir vaqtda respublikamizning so‘lim tog‘ bag‘irlarida joylashgan oromgohlarida oilaviy dam olishga qiziqish bildirmoqda.
O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Bahromjon A’loyev tadbir ishtirokchilariga yaqinda Samarqand shahrida barpo etilgan «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, respublika viloyatlarida yaratilayotgan ekoturistik maskanlar, gostronomik va rekreatsion turizm infratuzilmalari ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etayotganini bildirdi.
Shuningdek, mamlakatimizning tarixiy shaharlari, xalqimiz an’analari hamda milliy taomlari haqida hikoya qiluvchi videofilmlar namoyish etildi.
Kuvayt ayollari uyushmasi faollari Amirlikda oilaviy turizmga katta e’tibor qaratilayotgani haqida so‘zlab berdi. Bu borada O‘zbekistonda sayyohlarga yaratilgan qulayliklar, avvalambor mamlakatdagi tinchlik, barqarorlik, ikki davlat xalqlari qadriyatlarining o‘xshashligi muhim omil ekanini qayd etildi. O‘zbekiston turistik salohiyatini kuvaytliklar orasida keng targ‘ib etish maqsadida joriy yil noyabr oyida uyushma delegatsiyasini mamlakatimizga yuborish rejasi ma’lum qilindi.