Samarqandda MDH PA kengashining 54-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi
Samarqandda MDH PA kengashining 54-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi
Kecha Samarqand shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashining 54-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, majlisda Hamdo‘stlik mamlakatlari parlament delegatsiyalari, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Parlament a’zolari saylov, referendum va ularni kuzatish to‘g‘risidagi ko‘plab namunaviy qonunlarni ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, xavfsizlik, fan va ta’lim, intellektual faoliyat va boshqa sohalarga oid qator namunaviy hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda. Hamdo‘stlik davlatlarining deputatlari va senatorlari kelgusida o‘z davlatlarining milliy qonunchiligida namunaviy qonunlarda mavjud bo‘lgan huquqiy normalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Namunaviy qonun ijodkorligi Assambleyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi. Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari a’zolarining MDH PA maydonidagi o‘zaro hamkorligi tufayli respublikalarimiz huquqiy tizimlarining uyg‘unlashuvini ta’minlashga va MDH hududida hayotning turli sohalaridagi muammolarni hal qilishda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga erishilmoqda.
MDH PA faoliyatining 30 yili davomida 600 dan ortiq hujjatlar ishlab chiqilib, MDH mamlakatlari parlamentlariga taqdim etilgan.
Federatsiya Kengashi rahbari V.Matviyenko Assambleyaning Samarqanddagi sessiyasi doirasidagi tadbirlar dasturi keng ekanini aytdi. «Biz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga MDH PA majlisini Samarqandda o‘tkazish taklifi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Assambleyaning 30 yilligi nishonlanayotgan yilda Assambleya faoliyatida birinchi marta yalpi majlis va MDH PA Kengashi Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda», - dedi u.
Tanzila Narbayeva o‘tgan 30 yil davomida MDH PA Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish va muhim qarorlar qabul qilish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilganini qo‘shimcha qildi. «Assambleya MDH makonida demokratik jarayonlar, parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Uning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlashdagi roli ortib bormoqda».
Tojikiston Majlisi namoyandagon Majlisi Oli raisi Maxmadtoir Zokirzodaning fikricha, MDH PA parlamentlararo hamkorlik va qonun ijodkorligining muhim va nufuzli institutiga aylandi, uning asosiy sa’y-harakatlari ishtirokchi davlatlarning milliy qonunchiligini yaqinlashtirishga va umumiy huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan.
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi raisi Nurlanbek Shakiyev ishonch va o‘zaro anglashuvga asoslangan MDH PA salohiyatini mustahkamlash borasidagi ishlar katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. PA barcha yo‘nalishlarda – siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, jamoaviy xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik, o‘zaro manfaatli sheriklikning samarali tuzilmasi bo‘lib qolishi kerak.
Kengash ishtirokchilari MDH PA ellik to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibini muhokama qildi, MDH Davlat rahbarlari kengashining 2022 yil 14 oktabrdagi qarorlarini, shuningdek, MDH PA bir qator Doimiy komissiyalari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni eshitdi.
Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev Qozog‘istonning 2022 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi haqida ma’lumot berdi. U MDH PA 30 yil davomida ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali instituti sifatida o‘zini namoyon etganini, ta’lim, ijtimoiy siyosat va inson huquqlari, madaniyat, turizm va hamkorlikning boshqa sohalarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanganini ta’kidladi.
Federatsiya Kengashining Fan, ta’lim va madaniyat qo‘mitasi raisi Liliya Gumerova ilm-fan va ta’lim sohasida namunaviy qonun ijodkorligining istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra hujjat amaldagi namunaviy hujjatlarni yangilash va yangi qonunlar ishlab chiqish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga oladi.
«Davlatlararo munosabatlar va milliy qonunchilikning rivojlanishi, yangi texnologiyalar ishlab chiqilishi va joriy etilishi munosabati bilan fan va ta’lim sohasini namunaviy tartibga solish doimiy takomillashtirishni taqozo qilmoqda».
Kengash ishtirokchilari MDH PA huzuridagi Ekologiya va tabiatdan foydalanish bo‘yicha Ekspert kengashini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi hamda Kengash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Mazkur masala yuzasidan Federatsiya Kengashining Agrar-oziq-ovqat siyosati va tabiatdan foydalanish qo‘mitasi a’zosi Viktor Novojilov ma’ruza qildi.
MDH PA Kengashi Bosh kotibi Dmitriy Kobitskiy 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan MDHda namunaviy qonun ijodkorligining Istiqbolli rejasi loyihasi va Parlamentlararo Assambleyaning kelgusi yil uchun ish rejasi haqida so‘z yuritdi.
MDH PA Kengashi majlisi kun tartibidagi masalalar muhokamasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi raisi Nuriddin Ismoilov, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sagiba Gafarova, Armaniston Milliy Majlisi Raisi Alen Simonyan, Belarus Respublikasi Milliy Majlis Respublika kengashi Raisi Natalya Kochanova, Turkmaniston Milliy Gengeshi Majlisi Raisi Gulshat Mammedova ishtirok etdi.