Yevropa kengashi Prezidenti O‘zbekistonda
Yevropa kengashi Prezidenti O‘zbekistonda
Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel 27 oktyabr kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bugun, 28 oktyabr kuni tongda oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
«Ko‘ksaroy» qarorgohida Sharl Mishelni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Ular birgalikda suratga tushdi.
So‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Tor doiradagi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatimizdagi demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni, eng avvalo, innovatsiyalar, "yashil" iqtisodiyot, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi birgalikdagi ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan "Markaziy Osiyo - YeI" formatidagi sammitda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash masalasi kelishib olindi.