Senatda Gender-huquqiy ekspertiza bo‘yicha amaliy qo‘llanmaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Senatda Gender-huquqiy ekspertiza bo‘yicha amaliy qo‘llanmaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlis Senatida gender tengligini taʼminlash sohasida olib borilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati va Gender huquqiy ekspertiza bo‘yicha amaliy qo‘llanmaning taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, davra suhbati Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi «Huquqiy islohotlar» dasturi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur qo‘llanma «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan norma yaʼni, normativ-huquqiy hujjatlar va tegishli loyihalarning gender-huquqiy ekspertizasidan o‘tkazish tartibiga bag‘ishlangan. Unda xalqaro standart va uslublar hamda demokratik rivojlangan davlatlar ijobiy tajribasiga tayangan holda O‘zbekiston uchun ishlab chiqilgan gender-huquqiy ekspertizani o‘tkazish uslubiyotidan foydalanish masalalari atroflicha tushuntirib berilgan.
Tadbirda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova va boshqa ishtirokchilar mamlakatimizda jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun mustahkam huquqiy asoslar yaratilganligini taʼkidlab o‘tdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada 2 ta qonun, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilgan.
Gender huquqiy ekspertiza bo‘yicha amaliy qo‘llanma taqdimoti doirasida gender-huquqiy ekspertizasi orqali normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasining jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish xavfini yuzaga keltiruvchi normalar va ularning oqibatlarini umumiy baholash, eng muhimi, aniqlangan, kamsitishlarga yo‘l qo‘yadigan meʼyorlarni bartaraf etish yo‘llari va uslublari ko‘rsatib o‘tildi.
Davra suhbatida normativ-huquqiy hujjatlarni gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazishning hozirgi holati va uni takomillashtirish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham belgilab olindi.