"Xalqaro ziyorat turizm haftaligi" boshlandi: Samarqandda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda
"Xalqaro ziyorat turizm haftaligi" boshlandi: Samarqandda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda
2022-yilning 1-noyabr kuni yurtimizda "Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi" boshlandi. Shu kuni Samarqandda tadbirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda qator xalqaro tashkilotlar, islom dunyosining nufuzli shaxslari hamda chet davlatlarning ziyorat turizmi vakillari ishtirok etishdi.
“Turizm xizmatlari va musulmon mehmondo‘stligi talablari bo‘yicha standartlar ishlab chiqildi. Xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va mehmonxonalarda namozxonalar va tahorat xonalari tashkillashtirildi. Infratuzilmani ziyorat turizmiga moslashtirish yuzasidan boshlangan ishlarimiz natijasida O‘zbekiston GMTI (Global Muslim Tourism Index) hisobotida 2017 yildagi 32-o‘rindan 9-o‘ringa ko‘tarildi”, – deb ta’kidladi A. Abduhakimov ochilish marosimidagi nutqida.
Tadbirda joriy yilda Singapurda o‘tkazilgan musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga doir “Halal in Travel Awards” global sammitida Samarqand “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgani e’tirof etildi hamda mukofotlar Singapur Respublikasining “Crescent Rating” kompaniyasi prezidenti janob Bahardeen Mohamed Fazal tomonidan Aziz Abduhakimovga topshirildi.
Tadbirda O‘zbekistonda bugungi kunda Turizm xizmatlari va musulmon mehmondoʼstligi talablari bo‘yicha standartlar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.
“Ziyorat turizmi sayyohlari uchun umumiy ovqatlanish maskanlari, restoranlar va joylashtirish vositalariga “Halol”, “Kosher” va “Vegan” standartlari joriy qilinmoqda. Yana bir muhim voqea, Islom hamkorlik tashkiloti Xiva shahrini 2024-yil Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qildi”, – deb alohida qayd etdi Aziz Abduhakimov.
Kun davomida tadbirga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqandda yaqinda ishga tushirilgan “Abadiy shahar” majmuasi bilan tanishtirildi.
Kunning ikkinchi yarmida xorijlik mehmonlar, ekspertlar, mahalliy va xorijiy OAV xodimlari "Silk Road Samarkand" xalqaro sayyohlik markazidagi "Boqiy shahar"ga tashrif buyurishdi. Bu yerda "Zamonaviy islomiy me'morchilik" ko‘rgazmasi va yarmarkalar bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, gastroturizm ko‘rinishlari va xattotlik namunalari ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
"Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi" doirasidagi tadbirlar Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida davom etmoqda.