Samarqand – yer yuzining sayqali, turkiy tamaddun markazi
Samarqand – yer yuzining sayqali, turkiy tamaddun markazi
11 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining «Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari» nomi ostida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz Samarqand shahrini «Turkiy sivilizatsiya poytaxti» deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun tadbir qatnashchilariga minnatdorlik bildirdi. Nihoyat, adolat qaror topdi, yer yuzining sayqali bo‘lmish Samarqand o‘zining azaliy maqomini ham tikladi...
Kishilik tamaddunining, xususan, Turkiy sivilizatsiyaning qadimgi o‘choqlaridan sanalgan O‘zbekiston shaharlari Sharq va G‘arbni bog‘lagan muhim halqa, Buyuk ipak yo‘lida hamda ko‘plab karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan yirik hunarmandchilik, savdo va madaniyat markazlari sifatida ma’lum va mashhurdir. Ular jamiyat va aholi madaniy taraqqiyotining o‘ziga xos bir ko‘rsatkichi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot markazlari sifatida tarixiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida jamiyat rivojida, turkiy va boshqa xalqlarning integratsiyasida muhim o‘ringa ega bo‘lganlar. Ulardan biri Turkistonning yirik markazlaridan hisoblangan Samarqand edi. Zarafshon vohasida aholining o‘troq hayot kechirishi, sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun geografik jihatdan qulay joylashgan, turli karvon yo‘llari tutashib ketgan yerda o‘rin egallagan bu qadim shahar tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlarida nafaqat Turkiston, balki qo‘shni hududlar siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy voqeligida salmoqli o‘rin tutgan.
Shaharning shimolidan topilgan shahar devorlari qoldiqlari miloddan oldingi VIII-VII asrlarga mansub bo‘lib, u miloddan oldingi IV-III asrlarda yangi mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Shahar turli bosqinchilarga mardonavor qarshilik ko‘rsatgan. U 1220 yilda Chingizxon qo‘shinlari tomonidan batamom vayron qilingan.
Mo‘g‘ullar istibdodiga barham bergan o‘zbekning ulug‘i Amir Temur davrida shahar va shahar hayoti yuksaldi. Bu hukmdor ushbu shaharni poytaxtga aylantirib, yangi Samarqandni barpo etish, uning ko‘p asrlik shaharsozlik madaniyatini qayta tiklash va rivojlantirish, me’moriy qiyofasini yanada mufassal qilish ishiga katta hissa qo‘shdi. Uning sa’y-harakatlari bilan mazkur shaharda Jome masjidi, Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy, Go‘ri Amir, Ishratxona, Ruhobod, Shohi Zinda kabi me’moriy majmualar bunyod etildi. Bu davrda shahar yirik hunarmandchilik va savdo markazi sifatida yuksaldi. Shaharda turli-tuman hunarlar rivojlandi. Jahon ilm-fanida e’tirof etilgan Ikkinchi Renessans, ilm-fan va madaniyatning yuksalish jarayonida Samarqand markaziy o‘rinni egalladi.
XV asrning 20 yillarida Samarqand Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek boshchiligida tashkil topgan ilmiy maktabning markazi vazifasini o‘tagan. Uning rahbarligi ostida shaharda riyoziyot, handasa, jug‘rofiya, tarix, ilmi nujum, tibbiyot, mantiq, ilmi hisob, ilmi kalom kabi sohalarda chuqur izlanishlar olib borildi. Ta’limga katta e’tibor qaratilib, Registon maydonida Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Cho‘ponota etaklarida rasadxona barpo etildi.
Turkistonning «katta shaharlaridan» bo‘lgan va undan «ko‘plab olimu-fozillar» yetishib chiqqan Samarqand shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolasi hukmronligi davrida kechgan siyosiy jarayonlarda ham muhim rol o‘ynadi. XVI asr boshlarida Turkiston va unga tutash ерларнi bo‘ysundirgan Muhammad Shayboniyxon «otimizning egari - bizning poytaxtimiz» deb aytsa-da, Samarqandda hokimiyat tepasiga kelgan yangi sulolaning bosh shahri vazifasini o‘tayverdi. Muhammad Shayboniyxonning nisbatan qisqa hukmronligi davrida shaharda ayrim sohalarda jonlanish sodir bo‘ldi. Oliy hukmdor poytaxt shahardagi qurilishlarga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, bu hukmdor tomonidan madrasa - Madrasa-yi Oliya barpo ettirilgan.
Shayboniylar sulolasining yirik vakili Abdullaxon II qat’iy harakatlari oqibatida o‘zbek davlatini markazlashtirilib, Buxoro uzil-kesil poytaxtga aylandi. Bu haqida tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy «Shavkatli shahar Buxoroni u davlat poytaxtiga aylantirdi», deb yozadi.
Shu tariqa Shayboniylar hukmronligi davrida poytaxt shahar mavqeini Buxoroga bergan Samarqand yirik ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavqeini saqlab qoldi. Shayboniylar, ulardan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan ashtarxoniylar sulolasi vakillari bu shaharni rivojlantirish, uning me’moriy qiyofasini mukammallashtirish ishiga katta e’tibor qaratganlar.
XVIII asrning birinchi yarmida mamlakatda avj olgan siyosiy boshboshdoqlikka qarshi qattiq kurash olib borgan birinchi mang‘it hukmdori Muhammad Rahim Samarqandga kelganida davrning barcha injiqliklariga dosh bergan bu markaz bo‘shab qolganining guvohi bo‘ldi. Bunday ayanchli holga tushgan shahar asta-sekin aholi bilan to‘ldirib borildi va XIX asrning 40 - yillarida uning soni 25-30 ming kishiga yetdi.
Murakkab siyosiy voqealar mobaynida poytaxt shahar mavqeini Buxoroga bergan Samarqand hokimiyat tepasiga kelgan oliy hukmdorlarning shaharda joylashgan «ko‘k toshga o‘tirish rasmiy marosimi o‘tkaziladigan markaz sifatidagi ahamiyatini saqlab qoldi. Mir Muhammad Aminiy Buxoriy dunyo hukmronligini orzu qilgan turli hukmdorlar «Samarqandda ... ko‘k toshga o‘tirar edilar», deb qayd etgan edi.
Oliy hukmdorning Samarqandda ko‘k toshga o‘tirish an’anasi XIX asrning birinchi yarmida ham davom etdi. Jumladan, Shohmurodning o‘g‘li, onasi tomonidan ashtarxoniylarga borib taqaluvchi, Abulfayzxonning qizi tomonidan nabirasi Amir Haydarni (1800-1826) ham oq kigizda oliy hukmdor etib ko‘targanlar va Samarqandda ko‘k toshga o‘tkazib, uni rasman hukmdor etib tan olganlar. Shohidlardan birining ko‘rsatishicha, Mirzo Ulug‘bek madrasasida turgan ko‘k tosh to‘rtburchak shaklida bo‘lib, uni oq kigiz yopib turgan. Xon o‘tirgan bu kigizning uchlarini ulamolar, fuqarolar, fozillar va sayyidlar ushlab, uch marta ko‘targanlar.
Samarqand turli hunarlar rivojlangan, mohir hunarmandlar istiqomat qilgan shahar edi. Arminiy Vamberi (XIX asr) samarqandlik egar-jabduq ustalari mahorati haqida yozar ekan, “... did bilan ishlangan egarlarni ko‘rish mumkin; ularning bezagi hatto yevropalik ustaga ham shuhrat keltirishi mumkin edi», deb qayd etadi.
Bu yerda aholining kundalik turmushi hamda turli tabaqa vakillari ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan juda ko‘p hunarmandchilik sohalari vakillari tomonidan yaratilgan mahsulotlar bilan ichki bozorda qizg‘in savdo-sotiq amalga oshirilgan. Shahar hunarmandlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar boshqa markazlar, dasht va uzoq davlatlarga olib ketilgan. Ularning ichida «Samarqand bahmali» juda mashhur bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur bu mato haqida «Samarqandning yana bir matoi qirmizi mahmaldurkim, atrof va javonibqa eltarlar», deb yozadi. Ushbu shaharni mashhur qilgan yana bir mahsulot «Samarqand qog‘ozi» edi. Bu haqida Zahiriddin Muhammad Bobur: «Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqar, juvozi qog‘azlar suyi tamom Konigildin keladur», deb qayd etgan edi. Shaharlarda qog‘oz sotishga ixtisoslashgan kishilarning borligi bu hunarning shaharlarda qay darajada rivojlanganligidan dalolat beradi. Samarqandlik hunarmand - qog‘ozgarlar turli xil qog‘ozlarni tayyorlaganlar. Mutaxassislar bu qog‘ozlarni ipakdan (qog‘oz-i abrishumi), yarim ipakdan, uchinchi tur qog‘oz esa paxtadan tayyorlanganligini ko‘rsatib o‘tadilar. Qog‘oz tayyorlashda uning asosiy qismini tayyorlovchi ustalar – qog‘ozgarlar va unga ishlov beruvchi ustalar – muhrakashlar band bo‘lar edi.
Qog‘ozgar ustalar tayyorlangan qog‘ozni turli ranglarga – «qizil, ko‘k, sariq va boshqa ranglarga» ham bo‘yar edilar.
Samarqandning turkiy sivilizatsiyaning yirik madaniyat markazi sifatidagi ahamiyati keyingi davrlarda ham mobaynida kechgan tarixiy voqelikka mos ravishda rivojlanib bordi. Samarqandning madaniyat markazi sifatida rivojlanishida unda boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi aholining savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan maktablar, aholining ilmga tashna vakillari uchun ochilgan, ilm-fan o‘choqlari vazifasini o‘tagan ko‘pdan-ko‘p madrasalar muhim rol o‘ynagan. Shahardagi madrasalarda nafaqat ushbu markaz, nafaqat Turkiston shaharlaridan, butun turkiy dunyodan ilmga tashna insonlarni uchratish mumkin edi. Bu o‘rinda XVI asr muallifi Zayniddin Vosifiyning quyidagi xabari o‘rinlidir.
Uning yozishicha, XVI asr boshlarida Samarqanddagi sovuq paytida unga «mo‘ynali po‘stin va to‘n», o‘n xurosonlik talabaga esa «qo‘y po‘stini, ko‘ylak va ishton» Mirak Shohiy ismli shaxs tomonidan taqdim etilgan edi.
Hasanxoja Nisoriy (XVI asr) «Bu shaharda ko‘plab olimu fozillar o‘tishgan. Samarqand hozir ham ilmlar makonidir. U yerning mavlonolari ko‘pincha haqiqiy ilmlar bilan shug‘ullanishadi», – deb qayd etgan edi. Shaharning ilm-ma’rifat maskani sifatidagi ahamiyati keyingi asrlarda ham saqlanib qoldi. Mir Muhammad Amin Buxoriy (XVIII asr) ashtarxoniy hukmdor Ubaydullaxonning ushbu shaharda bo‘lishiga oid xabarida hukmdor qarshisiga olimlar va toliblar o‘z madrasalaridan chiqqanliklari va o‘z asarlarini taqdim etganliklari, shirinsuhan shoirlar esa jozibador she’rlarida hukmdorni madh etganliklarini qayd etgan edi.
Bu muazzam shaharning ta’lim va ilm-fan markazi sifatidagi mavqeining saqlanib qolishida unda qurilgan madrasalar muhim rol o‘ynagan. Ular jumlasiga Samarqand qozisi Soqiy tomonidan qurdirilgan madrasa (1612), amir Yalangto‘sh Bahodir tomonidan qurdirilgan Sherdor (1631) va Tillakoriy (1642) madrasalari, Nodir Devonbegi madrasasi (1730), Amir Haydar tomonidan qurilgan Oliy madrasa (1812) va boshqalarni kiritish mumkin. XIX asr boshlarida shaharda bo‘lgan hindistonlik Mir Izzatullaning ko‘rsatishicha, Samarqandning asosiy madrasalari vazifasini Sherdor va Tillakori madrasalari o‘tagan.
Shunday qilib, Samarqand Turonda kechgan jarayonlarda muhim o‘rin tutdi. Ushbu hududda asrlar davomida yuz bergan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning barcha qarama-qarshiliklarini o‘z boshidan kechirsada, qadimdan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bu shahar o‘zining turkiy sivilizatsiya taraqqiyotidagi tarixiy o‘rni va qiyofasi xotiralardagina saqlanib qolgan edi. Bugun esa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va turkiy davlatlar qo‘llashlari bilan qadim va hamisha navqiron Samarqand o‘zining azaliy shukuhini tikladi.
G.A’zamova,
FA Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi,
tarix fanlari doktori, professor