O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimidagi nutqi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimidagi nutqi
Hurmatli konferensiya qatnashchilari!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vazirlari va mas’ul vakillariga o‘zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, qadrli mehmonlar!
Hurmatli do‘stlar!
Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.
So‘nggi yillarda YUNЕSKO bilan ta’lim, fan, madaniy meros, axborot va kommunikatsiya sohalarida hamkorligimiz jadal rivojlanib bormoqda.
Jumladan, mazkur tashkilot ko‘magida yurtimizdagi butunjahon madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lida mavjud bo‘lgan madaniy aloqalarni qayta tiklash, ta’lim tizimi sifatini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalash, O‘zbekistonda yoshlarning mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qator muhim dastur va loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.
Fursatdan foydalanib, Azule xonimga va barcha chet ellik hamkorlarimizga bu muhim va sharafli ishga qo‘shayotgan hissalari uchun tashakkur izhor etaman.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.
Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.
O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas.
Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Shu ma’noda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishi hisoblangan bolalar ta’limi masalasida barchamiz bir bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Aziz do‘stlar!
Biz “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat”, degan tamoyildan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratishni Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilaganmiz.
Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish, ularning o‘qishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish orqali kelajakda yoshlarning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz.
Zero, bu kabi ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q.
Shu bilan birga, bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha ta’lim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammamizga yaxshi ma’lum.
Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.
Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir.
Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi.
Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.
Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan.
Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.
Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud ta’lim sohasini, xususan, maktabgacha ta’limni tubdan modernizatsiya qilishga qaror qildik.
Shu maqsadda, yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etdik.
Bog‘chalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini keng qo‘llash, o‘quv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz.
Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik.
Bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi.
Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
“Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan hikmatli ibora sizlarga yaxshi tanish.
Shu sababli biz O‘zbekistonda olib borayotgan demokratik islohotlarimiz jarayonida ta’lim tizimini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq o‘rta ta’lim maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar ko‘payib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir.
Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim.
Sizlarga yaxshi ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib keladi.
Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qo‘ygan Al-Beruniy, dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming o‘n sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek, Nil daryosining sathini o‘lchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz o‘zlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan o‘rta asrlardagi birinchi va ikkinchi sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.
Bu haqda so‘z borar ekan, o‘tmishda Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin o‘z davrining universitetlari bo‘lgan madrasalar faoliyat ko‘rsatganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Azal-azaldan bizning yurtimizda ta’lim bilan birga tarbiya masalasiga beqiyos ahamiyat berib kelinadi.
Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy har tomonlama uyg‘un rivojlangan, yuksak bilim va ma’naviyat sohibi bo‘lgan komil inson g‘oyasini ilgari surgani sizlarga yaxshi ma’lum.
XX asr boshida faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ ma’rifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari biz uchun bugungi kunda ham muhim dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.
Biz yurtimizda uchinchi renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz.
Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz.
Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.
Bu borada biz o‘zimizning milliy tajribamiz va jahondagi ilg‘or yutuqlarini uyg‘unlashtirgan holda faoliyat olib boramiz.
Barchamizga ayonki, ta’lim va tarbiya bor joyda albatta ilm, albatta madaniyat va taraqqiyot bo‘ladi.
Ta’lim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi.
Biz kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.
Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish doirasida 2025 yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.
Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.
Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.
Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan ta’lim bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman.
Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.
Uchinchidan, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag‘ishlash muhimdir.
Bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao bo‘lar edi.
Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, ma’naviy va jismoniy barkamolligini ta’minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o‘z ifodasini topishi lozim.
Muhtaram xonimlar va janoblar!
Bugungi konferensiya qizg‘in munozara va o‘zaro fikr almashuvlar ruhida o‘tishiga, unda yangi g‘oya va tashabbuslar, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilishiga ishonaman.
Anjuman yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasi kelgusida ushbu yo‘nalishda biz birgalikda amalga oshiradigan sa’y-harakatlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik va omadlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.