O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlari yuksak darajadagi har tomonlama sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar
O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlari yuksak darajadagi har tomonlama sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar
22-noyabr kuni Parijdagi Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar va munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik ruhida rivojlantirishga kelishib oldilar.
Yetakchilar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda ikki tomonlama aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot chuqurlashib, xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlar o‘zaro ko‘maklashayotgani, parlamentlararo muloqot kengayganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Keyingi yillarda Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma korxona va loyihalar soni uch barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning joriy portfeli 5 milliard yevrodan oshdi.
Energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va savdo sohalarida «Total Eren», «Veolia», «EDF», «Orano», «Lactalis», «Carrefour» va «Shiever» kabi xalqaro miqyosdagi kompaniyalarning o‘zaro manfaatli faoliyati qayd etildi.
Shahar infratuzilmasini rivojlantirish, "yashil" iqtisodiyot, kommunal, gidroenergetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi loyihalarda ishtirok etayotgan Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etdi.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlari, ularning doirasida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan savdo-iqtisodiy bitim va shartnomalar imzolangani yuksak baholandi.
Xavfsizlik sohasida, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati qayd etildi. Tomonlar Samarqandda Fransiya alyansining bo‘linmasi ochilishini qo‘llab-quvvatladilar hamda joriy yil 27-28-noyabr kunlari Parijda ikkinchi O‘zbekiston-Fransiya ta’lim forumining o‘tkazilishini olqishladilar. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Yetakchilar O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlab Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” va Arab dunyosi institutida “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” ko‘rgazmalari ochilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.