O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan chegara va Andijon suv omboriga oid qonunlarni imzoladi
O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan chegara va Andijon suv omboriga oid qonunlarni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matubot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, davlat yetakchilarining siyosiy irodasi bilan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi hurmat va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanib, 30 yildan beri hal bo‘lmayogan masalalar kelishilmoqda.
Mazkur xalqaro shartnomalar O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiyaning 2022 yil 3 noyabrda Bishkek shahriga tashrifi chog‘ida imzolangan. Bu haqdagi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 14 noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2022 yil 18 noyabrda maʼqullangan. Ularni ratifikatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston qonunlarini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti 2022 yil 29 noyabrda imzolagan.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma 13 ta moddadan iborat. Unda o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo‘lgan chizig‘i belgilandi.
O‘zbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektar yer maydoni o‘tkaziladi, Qirg‘izistonga esa kompensatsiya tarzida 1019 gektar yaylov yerlari beriladi.
Shuningdek, Qirg‘izistonga Andijon suv omborining qurilmay qolgan Kampirobod chap qirg‘oq kanali uchun “G‘ovasoy” uchastkasidan 12 849 gektar yer maydoni kompensatsiya tarzida beriladi. Bunda, Qirg‘iziston tomoni “G‘ovasoy” daryosining tabiiy oqimiga to‘sqinlik qiladigan gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, suvning texnik ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladi.
Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish masalalasi va So‘x tumanidagi “Chashma” bulog‘i joylashgan uchastka alohida shartnomalar bilan tartibga solinishi kelishib olindi.
O‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida demarkatsiya ishlari to‘la tugallanmaguncha Davlat chegarasini nazorat qilish va qo‘riqlash yerdan haqiqiy foydalanish chegalari bo‘ylab amalga oshiriladi.
Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim 11 ta moddadan iborat. Unda Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha Qo‘shma komissiya (O‘zbekistondan – suv xo‘jaligi vaziri) tuzildi va uning faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tomonidan Bitimni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organlari (O‘zbekiston tomonidan – Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) va ularning o‘zaro hamkorlik qilish tartibi belgilab berildi.
Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha Bitim tomonlarining o‘zaro majburiyatlari aks ettirildi.
O‘zbek tomoni suv omboridagi suv sathini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan sathda ushlab turish, Qirg‘iziston fuqarolarining suv ombori suviga erkin kirishi va undan foydalanishini (hayvonlarga suv berish, sug‘orish, baliq ovlash) taʼminlash, atrofida muhandislik-texnik inshootlarni o‘rnatmaslik majburiyatlarini olgan. Qirg‘iziston tomoni suvni muhofaza qilish zonalari o‘rnatilishi, undan foydalanish rejimiga rioya etilishini taʼminlash majburiyatlarini olgan.
Andijon suv omborining xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar kelishib olindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni suv omborining xavfsizligini taʼminlaydi, ekspluatatsiya qiladi, texnik xizmat ko‘rsatadi, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgan limitlar doirasida suv chiqaradi.
Umuman aytganda, chegara chizig‘ini delimitatsiya qilishni yakuniga yetkazish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanib, hech qanday kelishmovchilikka o‘rin qolmaydi.
Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarishning huquqiy asoslari yaratiladi. 2,5 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va 500 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish uchun 8 mingga yaqin fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyati paydo bo‘ladi.