Senatda “Gender-Madad” elektron platformasi imkoniyatlarini yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Senatda “Gender-Madad” elektron platformasi imkoniyatlarini yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Kecha Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, “Madad” NNT vakillari hamda mahalliy Kengash deputatlari, Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya aʼzolari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, anjumanda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlarga huquqiy masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda onlayn maslahatlar, tushuntirishlar berish borasida amalga oshirilgan ishlar holati muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, jamiyatda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini taʼminlash, ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida Adliya vazirligi va “Madad” NNT bilan hamkorlikda “Gender-Madad” elektron huquqiy maslahatchi platformasi ishlab chiqilib, 2022 yil 1 martdan ishga tushirilgan.
Platformaga gender tenglik, huquqiy himoya, oilaviy munosabatlar, tazyiq, zo‘ravonlik, aliment kabi masalalar doirasida 200 tadan ortiq huquqiy axborot, maʼlumot va kontentlar joylashtirilgan. Kontentlarning asosiy qismi ayollarga berilgan imtiyozlar va ularning huquqiy muhofazasiga qaratilgan.
Platformada onlayn-maslahatchi xizmati (onlayn chat) ham mavjud bo‘lib, xotin-qizlar ushbu xizmat orqali gender tenglik masalalari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga real vaqt rejimida malakali mutaxassislardan javob olishlari mumkin.
Hozirgi vaqtga qadar platforma orqali 500 dan ortiq onlayn murojaatlar kelib tushgan. Ularning 220 tasi yoki 40,6 foizi gender tenglik munosabatlari, 114 tasi yoki 32,1 foizi ayollar huquqiy himoyasi, 103 tasi yoki 27,1 foizi ayollarga imtiyozlar va bola puli, nafaqa masalalariga tegishlidir.
Davra suhbatida Qo‘mita aʼzolari, malakali ekspertlar tomonidan “Madad” NNTning hududlardagi byurolari ishini rivojlantirish, ayniqsa, “Gender-Madad” elektron platformasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yana-da kengaytirish tavsiya etildi.