Kuvaytdan munosabat: Maʼmuriy islohotlar ijro hokimiyati idoralarining jamiyat va har bir fuqaro oldidagi majburiyatlarini belgilab berishga qaratilgan jarayondir
Kuvaytdan munosabat: Maʼmuriy islohotlar ijro hokimiyati idoralarining jamiyat va har bir fuqaro oldidagi majburiyatlarini belgilab berishga qaratilgan jarayondir
Ilgari xabar qilinganidek, mamlakatimizda ixcham va samarali davlat boshqaruviga o‘tish yo‘lida boshlangan keng qamrovli maʼmuriy islohotlar chet ellarda ham o‘zining katta aks-sadosini berayotir, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Quyida Kuvayt universiteti professori, siyosatshunos Heyla al-Mekeymi tomonidan shu haqda bildirilgan fikr-mulohazalar eʼtiboringizga havola qilinadi:
- So‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda jadal hayotga tadbiq etilayotgan tub islohotlar jarayonlari biz, xorijlik siyosatshunoslar eʼtiborini borgan sari o‘ziga ko‘proq tortmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston parlamenti va xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yilda respublikada amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlardagi islohotlarni birma-bir bayon etdi. Jumladan, ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tish mazkur yo‘nalishlar sirasida tilga olindi. Buning mantiqiy davomi sifatida davlat rahbarining “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni eʼlon qilindi.
Dunyodagi ilg‘or mamlakatlarning tajribasiga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, ular siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish orqali amalga oshirganini ko‘ramiz. Maʼmuriy islohotlar ijro hokimiyati organlarining jamiyat va har bir fuqaro oldidagi majburiyatlarini belgilab berishga qaratilgan jarayondir.
Eʼtiborli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasida “Avval - inson, keyin - jamiyat va davlat” degan g‘oyaning ilgari surilishi maʼmuriy islohotlarning asosini yaratgani holda mamlakat xalqi manfaatlariga mos keluvchi zamonaviy tizimga asoslangan boshqaruvga o‘tishga xizmat qilishiga guvoh bo‘lib turibmiz.
Mening fikrimcha, oxirgi olti yil davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari kabi ushbu navbatdagi puxta o‘ylangan jarayon ham o‘z samarasi bilan nafaqat mintaqa davlatlari, balki dunyoning ko‘pgina mamlakatlari uchun namuna bo‘ladi.