Sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi
Sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi
Ko‘hna Buxoro ona diyorimizning eng ko‘p sayyoh va mehmon tashrif buyuradigan hududlaridan biri sanaladi. Shuni inobatga olgan holda keladigan sayyohlarning ehtiyojini talab darajasida qondirish, ularning Buxoroda ko‘proq vaqt o‘tkazishini ta’minlash juda muhim. Bu borada 2022 yilda viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, infratuzilma ob’ektlari sonini ko‘paytirish, zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, amaliy o‘quv kurslari tashkil etish orqali kadrlar salohiyatini yuksaltirish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
– 2022 yil boshida viloyat hokimi tashabbusi bilan dunyoning turizm rivojlangan mamlakatlarida targ‘ibotlar olib borildi, – deydi viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Bobokalonov. – Jumladan, viloyat delegatsiyasining Fransiya, AQSH, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Janubiy Koreyaga uyushtirilgan safarlari davomida Buxoroning Turizm imkoniyatini namoyish etishdi. Bu o‘z navbatida, 2023 yildagi ishlar samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. 2022 yilda katta-kichik 50 dan ortiq mehmonxonalar faoliyat boshladi. Bu borada Buxoro respublikada yetakchi o‘rinlarda turadi ya’ni, mehmonlarni Buxoroga jalb qilish va ushlab turish bo‘yicha. Viloyatimizda mavjud mehmonxonalar 13 ming nafardan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniga ega. Shuningdek, turizm qishloqlari, turizm mahallalari, ovqatlanish maskanlari, cho‘ldagi safari turizmi bularning barchasi viloyatimizga valyuta oqimining ham ko‘payishini ta’minlaydi. Shu bilan birga turizm va unga yondosh sohalarga qariyb 30 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.
Yil boshidan hisob-kitoblarga qaraydigan bo‘lsak, Buxoroga uch milliondan ortiq sayyohlar tashrif buyurdi. Bunda mahalliy sayyohlar soni ko‘p, albatta. Turistlar oqimining ko‘payishiga esa turli ommaviy va turizm tadbirlari alohida o‘rin tutdi. “Xalqaro zargarlik va zardo‘zlik, kashtado‘zlik festivali”, Forum va seminarlar bunga misol bo‘la oladi. 2022 yilda 1 marta Davlat rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Xalqaro zargarlik va zardo‘zlik, kashtado‘zlik festivali”ning o‘zi dunyoning 50 ga yaqin davlatidan hunarmand, san’atshunos, tarixchi va ekspertlar ishtirokini ta’minlabgina qolmay, 3 kun davomida yuqori martabali mehmonlar hamda respublikamiz viloyatlaridan kelgan xalq amaliy san’ati ustalari, folklor dastalari jamoalarini ham sharif shahar bag‘riga chorladi. Jahon hunarmandchilik kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Hunarmandchilik shahri” maqomi berildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Ushbu qarorda mehmonxona, ovqatlanish va logistika xizmatlari, ko‘ngilochar maskanlarni tashkil etish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi savdo do‘konlari sonini ko‘paytirish alohida ta’kidlab o‘tilgan. Infratuzilma ob’ektlari sonining oshib borishi o‘z-o‘zidan sof raqobatbardoshlikni keltirib chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida xizmatlarning yaxshilanishiga, diversifikatsiya qilinishiga olib keladi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz bugungi kunda Buxoro viloyatida turizm sohasida umumiy loyiha qiymati 847.9 milliard so‘m bo‘lgan 65 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
– Bundan tashqari, viloyatda turistik infrastrukturani oshirish bo‘yicha ham muayyan ishlar qilindi, – deydi Buxoro viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sayidov. – Ya’ni, G‘ijduvon tumanida “Qo‘rg‘on”, Vobkentda “Shirin” turizm qishloqlari tashkil etildi. Buxoro shahridagi “Arabon” turizm ko‘chasi, Islom Karimov ko‘chasida gastronomik ko‘cha tashkil etilmoqda. Bu sharif shaharga kelgan mehmonlarning Buxoroda qolish muddatlarini yanada uzaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi bu aholini ish bilan ta’minlash va ularning turmush farovonligini oshirishga hissa qo‘shadi. Hozir biz Turizm va madaniy meros vazirligi bilan yangi loyiha ustida ishlayapmiz. Viloyatda 10 mingga yaqin turizm sohasi vakillari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning malakasini oshirish, sifatli xizmat ko‘rsatishlarini ta’minlash bo‘yicha bahorgi mavsumgacha o‘quv rejalarini ishlab chiqyapmiz.
Ta’kidlash joiz, xizmatlar sohasini rivojlantirishda kadrlar muhim ahamiyat kasb etadi. Turizm sohasida asosan til biladigan, muloqot madaniyatiga ega bo‘lgan, etika-estetikadan xabardor bo‘lgan kadrlar talab qilinadi. Buxoro turizm va madaniy meros texnikumida ayni talablar bilan o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlanmoqda. Ular texnikumni tugatganlaridan keyin suhbat asosida Buxoro davlat universiteti turizm yo‘nalishida 2-kursdan o‘qishga qabul qilinadi. Bu o‘z navbatida viloyatda faoliyat boshlagan va ishga tushishi rejalashtirilayotgan 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalarda sayyohlar uchun malakali xizmat ko‘rsatadigan kadrlarning yetishib chiqishi uchun muhim omil hisoblanadi.
Mamlakatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi ishlab chiqildi. Ayni dastur asosida “Keksalar uchun turizm oyligi” va “Yoshlar uchun turizm oyligi” tashkil etildi. “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab 1–3 noyabr kunlari “Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi” o‘tkazildi. Maqsad mamlakatimizda ziyorat turizmi salohiyatini yuzaga chiqarish, O‘zbekistonni jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida tanitish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirishdan iborat bo‘ldi.
–Buxoro viloyatida 2022 yilda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Aynan sayyohlar oqimiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, pandemiya davrida dunyo davlatlarining ham ichki, ham tashqi turizmi ma’lum ma’noda rivojlanishdan to‘xtadi deyish mumkin, – deydi Buxoro viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bobir To‘qsanov. – Jumladan, bizning viloyatimizda ham pandemiyadan keyin esa, Buxoroga juda katta sayyohlar oqimi kelyapti. Birgina “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida 2 million 700 mingdan ortiq mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim etilayotgan chegirma va imtiyozli turpaketlar asosida yoshlar qatlamidan tashqari, keksalar va nogironligi bor insonlar sayohati tizimli tashkil etildi. Bilamizki, noyabr oyi respublikamizda “Keksalar uchun turizm oyligi” yoki “Yoshlar uchun turizm oyligi” bo‘lib o‘tadi. Mazkur dasturlar doirasida ko‘plab sayohatlar tashkil etildi. Mehmonlarni joylashtirish vositalari 480 taga yaqinlashdi. Bir kunda ham mahalliy, ham xorijiy sayohatlar uchun 12 mingdan ortiq xonalar tayyor holatga keltirildi. Bundan tashqari, ichki turizm yo‘nalishida har bir hududda o‘zaro sayyohlik almashinuvi ham yo‘lga qo‘yildi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 120 dan ortiq turoperatorlarimiz tomonidan ham tashqi, ham ichki turizm yo‘nalishida tizimli sayohatlar paketlarining tashkil etilishi hisobiga sayyohlar oqimi kundan-kunga ortib bormoqda.
bugungi kunda turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida dunyoning bir qancha turizm sohasi rivojlangan davlatlari ya’ni Isroil, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari bilan hamkorlikda soha taraqqiyoti yo‘lida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama shartnomalar imzolanyapti.
– Mamlakatimiz va Buxoroning turizm imkoniyatlarini xorijda ham keng targ‘ib qilish maqsadida viloyat delegatsiyasi Malayziya va Indoneziya davlatlariga ikki hafta mobaynida xizmat safarida bo‘lib qaytishdi, – deydi Buxoro viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sayidov. –Unda 20 dan ortiq ikki tomonlama shartnomalar imzolangan. Bu shubhasiz, 2023 yil soha rivoji uchun poydevor vazifasini ham o‘taydi. Mana yaqinda Toshkent-Kuala Lumpur yo‘nalishidagi qatnovlar boshlandi. Bu pandemiyadan keyin yo‘lga qo‘yilgan aviaqatnovlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Shuningdek, Eron Islom Respublikasidan Toshkentga reyslar qo‘yilyapti va endilikda bu aviaqatnovlarni Buxorodan ham amalga oshirish bo‘yicha rejalarimiz bor. Ayni vaqtda Malayziya va Indoneziyadagi turistik kompaniyalar bilan onlayn targ‘ibotlarni olib boryapmiz.
Yuqoridagi fikrlarni davom ettirgan holda aytish mumkinki, ayni yo‘nalishda sayyohlar uchun sharif kentning kirish darvozasi “Buxoro” xalqaro aeroporti uchun juda ko‘p yangiliklar va innovatsion o‘zgarishlar bo‘ldi. Bir yilda amalga oshirilgan aviaqatnovlar soni 3874 tani tashkil etib, 477.599 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi.
– 2023 yildan ham katta rejalarimiz bor, – deydi Buxoro viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bobir To‘qsanov. –Xususan, 50 ta investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Ziyorat turizmi yo‘nalishida Yetti pirlarimizni Turizm klasteriga aylantirgan holatda kelgan har bir sayyohni bitta ziyoratgohga bir kun olib qolish bo‘yicha ham turistik dasturlar tayyorlandi.
Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalardan ko‘zlangan asosiy maqsad Buxoroga sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishdir. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hamda viloyatning iqtisodiy salohiyati yuksalishiga xizmat qiladi.