2022 yilda “Registon” majmuasini ko‘rish uchun 1 milliondan ortiq sayyoh keldi
2022 yilda “Registon” majmuasini ko‘rish uchun 1 milliondan ortiq sayyoh keldi
O‘tgan yili Samarqanddagi “Registon” ansambliga 1 million 027 ming 951 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlar kelgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Uzbektourism.uz” veb-sayti maʼlumotiga ko‘ra, «Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» deya eʼtirof etilayotgan Samarqand 2023 yilda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) poytaxti hisoblanadi. UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi aynan Samarqandda o‘tkaziladi.
Bu bejizga emas, albatta. Chunki majmuada mehmonlarga xizmat ko‘rsatish yuqori darajada tashkil qilingan. Xususan, “Registon”ga kirgan sayyohlar uchun ekskursovod yoki audio-gid xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Taʼkidlash kerakki, 2022 yilda “Registon” ansamblini yana-da takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, yil davomida olib borilgan restavratsiya va konservatsiya ishlarida topilgan noyob tarixiy ashyolar “Tillakori” madrasasidagi «Samarqand tarixiy suratlarda» nomli ekspozitsiyadan o‘rin oldi.
2022 yil 27 avgust kuni “Sherdor” madrasasidagi «Suratlarda aks etgan tarix» ekspozitsiyasidan o‘rin olgan «Mudarris va talabalar» kompozitsiyasidagi haykallar mumdan yasalgan realistik haykallar bilan almashtirildi.
Bundan tashqari, vaqtinchalik o‘rnatilgan quyosh soati joriy yilning yanvar oyida temir materialdan yasalgan soat bilan almashtirilib, maxsus marmar ustunga o‘rnatildi.
Qayd etish joizki, “Registon” ansamblidagi joriy va kapital taʼmirlash ishlari Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Jumladan, “Ulug‘bek” madrasasining shimoliy ko‘cha fasadlari, “Sherdor” madrasasining janubiy ko‘cha fasadlari va ushbu madrasaning ichki hovli qismidagi timpan va pannolar, “Tillakori” madrasasining ichki hovli qismidagi timpan va pannolar restavratsiya qilindi.
Maʼlumot uchun: joriy yil 1- 8 yanvar kunlari “Registon”ga jami 17 ming 009 nafar turist kelgan. Shulardan 11 ming 085 nafari mahalliy (2 645 nafari bolalar) va 2 ming 979 nafari xorijlik (300 nafari bolalar) sayyohlardir.