O‘zbekiston TIV rahbari iqlim bo‘yicha barqaror Pokiston mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
O‘zbekiston TIV rahbari iqlim bo‘yicha barqaror Pokiston mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya 9-10 yanvar kunlari Jeneva shahrida iqlim bo‘yicha barqaror Pokiston mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, BMT shafeligida o‘tgan xalqaro anjumanda ushbu tuzilma Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, BAA atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Maryam al-Mheiriy, Qatar tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Mureyhiy, Shveysariya Federal tashqi ishlar departamenti rahbari Inyatsio Kassis, shuningdek, Gretsiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya delegatsiyalari, xalqaro va mintaqaviy moliya-bank institutlari hamda nodavlat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Gibrid shaklida o‘tgan tadbir ochilishida Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Norvegiya Bosh vaziri Yonas Styore so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Baxtiyor Saidov o‘z nutqida tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan aholini qo‘llab-quvvatlash, talafotlar ko‘rgan infratuzilmani va qishloq xo‘jaligini tiklash masalalariga jahon hamjamiyatining ustuvor vazifalari sifatida eʼtibor qaratdi.
Forum ishtirokchilariga respublikamizda amalga oshirilayotgan ekologik dasturlar, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yashil makon” keng ko‘lamli tashabbusi to‘g‘risida maʼlumot taqdim qilindi. Orol dengizining qurishi muammosiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatimizda ekologik ofat oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida maʼlumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston TIV rahbari tashrif davomida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto-Zardoriy, Qatar tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Mureyhiy, Birlashgan Arab Amirliklari atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Maryam Mheiriy, Islom taraqqiyot banki Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.